wrapper

Items filtered by date: Sentyabr 2018 - Qashqadaryo viloyat hokimiyati
Chorshanba, 26 Sentyabr 2018 00:00

Qashqadaryoda sport musobaqalari bo'lib o'tmoqda


2018 yil 25 sentyabr kuni Shahrisabz tumanida 1-oktyabr “O'qituvchi va murabbiylar kuni”ga bag'ishlab vatanparvarlik harbiy sport maktabi o'quvchilari  (2005-2006, 2007-2008, 2009-2010 yillarda tug'ilgan qizlar va o'smirlar) o'rtasida  marafon musobaqasi o'tkazildi.
    Musobaqada Mo'minobod qishlog'i bekati start qismi, Chorshanbe TIP-2 sport inshooti finish qismi etib belgilandi. Musobaqa Shahrisabz tuman Jismoniy tarbiya va sport bo'limi rahbarligi ostida bo'lib o'tdi. Tuman Musobaqada jami 200 (shundan 45 nafari qizlar)nafar yoshlar ishtirok etishdi.
    Musobaqa natijalariga ko'ra:
1-o'rin Shahrisabz tuman vatanparvarlik harbiy sport maktabi
2-o'rin Yakkabog' tumani vatanparvarlik harbiy sport maktabi
3-o'rin Kitob  tumani vatanparvarlik harbiy sport maktab jamoalariga nasib etdi.
Musobaqa ishtirokchilari tuman Jismoniy tarbiya va sport bo'limi hamda vatanparvarlik harbiy sport maktabi rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.



Bandlik muammosi global ahamiyat kasb etayotgan dunyoning ko'plab davlatlarida mavsumiy ishlar aholining moddiy ehtiyojlarini ta'minlashda muhim manba bo'lib xizmat qilmoqda.
 
Ma'lumotlarga ko'ra,  Braziliya, Kolumbiya, Indoneziya, Vetnam, Efiopiya, Nikaragua, Gvatemala va yana bir qator davlatlarda qariyb 50 millionga yaqin odam qahva hosili yig'iladigan vaqtni orziqib kutadi. Chunki, hozir ham aksariyat mamlakatlarda qahva hosilini yig'ish, qolaversa, qahva donlarini navlarga ajratish qo'l mehnati yordamida bajariladi. Ya'ni, har qanday zamonaviy texnikadan farqli ravishda, faqat inson qo'llarigina sifatsiz, mog'or bosgan qora yoki nordon donlarni bir chetda qoldirib, eng sara qahva donlarini tanlab olishi mumkin. Shu bois, fermerlar qahva hosilini yig'ish va uni saralash ishiga ko'plab mavsumiy ishchilarni jalb etadi. Ular esa bundan unumli foydalanib, yaxshigina mablag' ishlab topadi. Shuningdek, O'rta YEr dengizi bo'yida joylashgan va “YEvropaning bog'i” hisoblanadigan Gresiya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya kabi davlatlarda ham juda ko'p aholi apelsin, mandarin, zaytun, yong'oq, bodom, uzum va shu kabi mevalar hosilini yig'ish davrida qisqa muddat yollanib ishlab, buning ortidan moddiy ehtiyojlarining bir qismini qoplab olishadi.
 
Yoki boshqa bir misol, ayni vaqtda butun dunyo bo'yicha etishtiriladigan sholining 90 foizi Xitoy (190 million tonna), Hindiston (110 million tonna), Indoneziya, Bangladesh, Tailand, Myanma, Yaponiya (126 million tonna) kabi Osiyo davlatlari hissasiga to'g'ri keladi. Ma'lumki, ushbu davlatlarda yuqori va sifatli hosil olish maqsadida sholi asosan ko'chat usulida ekiladi. Bu yumushni esa faqatgina qo'lda bajarish mumkin. Shu bois sholi ekish mavsumida millionlab insonlar uni etishtiruvchi fermerlar bilan shartnoma tuzib, ularning ishiga ko'maklashadi va qilgan mehnatiga munosib haq oladi.
 
Xullas, bugun dunyoda mavsumiy ishlar aholining foydali mehnat bilan bandligini ta'minlash, real daromadlarini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. E'tiborli jihati, so'nggi yillarda mamlakatimizda ham bu borada ijobiy ko'rsatkichlar ko'zga tashlanayapti. Bu eng avvalo mehnat va unga haq to'lash tizimining to'g'ri shakllantirilgani, ya'ni qilingan mehnat o'zining munosib bahosiga ega bo'layotgani natijasidir.
 
Misol uchun, ilgari paxta yig'im-terimiga hasharchilarning qay tartibda jalb etilganini bilamiz. Bu yumush asosan talabalar, o'qituvchilar, shifokorlar yoki boshqa idora va tashkilotlar xodimlari zimmasiga tushgani ham sir emas. Vohalanki, ularning o'z ishlari bor. Ayni vaqtda doimiy ish bilan band bo'lmagan mehnatga yaroqli aholi vakillarida esa bu faoliyatga rag'bat yo'q edi. Xo'sh, nega? Chunki tizim to'g'ri yo'lga qo'yilmagandi. Qo'lda bajarilayotgan mehnat munosib baholanmasdi.
 
So'nggi yillarda ish bilan band bo'lmagan aholining paxta yig'im-terimida ishtirok etishga bo'lgan ishtiyoqi oshib borayotgani esa ana shu kamchiliklarning bartaraf qilinayotgani, mehnat uchun munosib haq taklif etilayotgani bilan bog'liq.
 
- Oilamizda faqat turmush o'rtog'im va o'g'lim ishlaydi, - deydi Chiroqchi tumanilik Muazzam Berdiyorova. – O'tgan yili terim mavsumida kelinim va ikki qizimni yonimga olib, qishlog'imizdagi fermer xo'jaliklari dalasidan paxta terdik. Bir oydan ko'proq vaqt davomida har birimiz o'rtacha uch yarim, to'rt millon so'mdan pul ishlab oldik. Bu bilan oila byudjetiga juda katta yordamimiz tegdi. Bu yil esa terim puli yanada oshibdi, shunga mutanosib, bizdagi g'ayrat ham jo'shib turibdi.
 
Darhaqiqat, mamlakatimizda qo'lda terilgan har kilogramm paxta uchun to'lanadigan pul miqdori keyingi ikki yilda sezilarli darajada oshdi. Natijada odamlarning mavjud imkoniyatdan unumli foydalanib, oila byudjetiga qo'shimcha daromad olib kirish ishtiyoqi ham yanada ortayapti. Agar 2016 yilda qo'lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun  285 so'm miqdorida haq to'langan bo'lsa, 2017 yilda bu miqdor salkam ikki barobarga oshib,  dastlab 450 so'm, 1 oktyabrdan esa 500 so'm etib belgilandi.
 
Joriy yilda esa 2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig'ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risidagi Hukumat qaroriga asosan,   paxta xom ashyosining qo'lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda-kontraktasiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so'm, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha 850 so'm, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda 1000 so'm mehnat haqi to'lash belgilandi. Qolaversa, shu mavsumdan boshlab paxta yig'im-terimi bo'yicha qishloq xo'jaligi ishlariga jalb qilingan shaxslardan pensiya jamg'armasi uchun sug'urta badallari undirilmaydi.
 
Endi hisoblab ko'ring, deylik, birinchi terimda bir oilaning doimiy ish bilan band bo'lmagan  uch nafar a'zosi terimda ishtirok etib, birgalikda kuniga o'rtacha 300 kilogrammdan paxta terdi. Bu bir kunda 195 ming so'm pul naqd degani. Agar 15 kun shu taxlit ishlashsa, oilaga qariyb 3 million so'm qo'shimcha daromad keladi. Mavsum davomida esa bu ko'rsatkichni bemalol 10 million so'mdan oshirish mumkin.
 
Yana bir jihatga ham e'tibor qaratish joizki, joriy yilda viloyatimizning Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida (paxta-to'qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) qo'lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo'shimcha 150 so'm, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so'm, jami 300 so'm ustama haq to'lanishi nazarda tutilgan.
 
Bu degani, boshqa tumanlarda birinchi terimdagi qo'lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 650 so'mdan pul berilsa, viloyatimizda etishtiriladigan paxtaning katta qismini etkazib beradigan Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida bu miqdor mavsum boshida 950 so'mni, keyinroq 1150 so'mni, oxirgi terimlarda esa 1300 so'mni tashkil etadi.
 
Demakki, ushbu hududlarda bir kunda o'rtacha 100 kilogramm paxta tergan kishi bir oyda 5 million so'mdan ortiq pul ishlab topadi.
 
Bundan tashqari, viloyat hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar tomonidan ilg'or terimchilarni turli sovg'alar, pul mukofotlari bilan taqdirlab borish rejalashtirilgan. Mavsumda terimchilarning ovqatlanishi, dam olishi hamda madaniy hordiq chiqarishini  yuqori saviyada tashkil etish uchun keng hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
 
- Bu yil tumanimizda 21 ming 500 gektar maydonda paxta parvarishlandi, - deydi Koson tumani hokimligi mutaxassisi Jobir Narziev. – Tuman mirishkorlari 62 ming tonnalik paxta xirmoni yaratishni maqsad qilishgan. Hosilni asosan qo'lda, sifatli yig'ib olishni rejalashtirganmiz. Mavsum davomida terimchilarning yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida dala shiyponlari ta'mirlanib, kundalik ehtiyoj uchun zarur bo'lgan barcha sharoitlar yaratilmoqda.
 
Ta'kidlab o'tish joizki, joriy yilda Shahrisabz tumanida 5 ming 200, Yakkabog' tumanida 7 ming 200, Qamashi tumanida 8 ming 500, Chiroqchi tumanida esa 8 ming 600 gektar maydonda g'o'za parvarishlandi. Ushbu hududlarda paxta hosilini yig'ib olish esa yordamchi kuchlarisiz amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ya'ni, bu tumanlarda paxta to'liq fermer xo'jaliklari a'zolari, ular tomonidan jalb etiladigan mavsumiy ishchilar yordamida yig'ib olinadi. Bu ham aholining ushbu yumushdan manfaatdorligi oshgani sari paxta yig'im-terimida ishtirok etib, moddiy imkoniyatlarini yaxshilab olish istagi ortib borayotgani natijasidir. Binobarin, bugun osmonga qarab, chalpak yog'ishini kutib yotgan odam faqat va faqat fursatni boy beradi, xolos.
 
Jahongir BOYMURODOV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Tog' yon bag'rida tug'ilgan Feruz Murodinovning bolalikdan hayvonotu nabotot olamiga mehri bo'lakcha edi. U ilm-fan va texnikaga bo'lgan qiziqishi bilan tengqurlaridan ajralib turardi.
2013 yilda u “Yurt kelajagi” iqtidorli yoshlar tanlovining respublika bosqichida g'olib bo'ldi.
Besh yillik tinimsiz izlanishlari natijasida yosh ixtirochi akkumulyatorli yoqilg'i tizimini yaratib, ishlanmaga patent oldi.
"Mazkur tizim bir vaqtning o'zida sanoat korxonalari hamda avtomobillardan chiqayotgan zaharli gazlarni kislorodga aylantirib beradi va yoqilg'i sarfini tejaydi, – ta'kidlaydi Feruz Murodinov. – Aytaylik, avtomobil 10 litr yoqilg'i bilan bosib o'tadigan masofaga atigi 2-3 litr kifoya qilishi mumkin.
Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, innovasiyaning hayotga tatbiq etilishi atmosferaga ajralayotgan zaharli gazlarni naq 75 foizga kamaytirish imkonini beradi.
"Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar biz yaratgan qurilma bilan ta'minlansa, jahon bozorida betakror brendga aylanishiga ishonaman", deydi ixtirochi.
                                       Turon24.uz ma'lumotlari asosida

 

Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari natijasi qanday? U kutilgan samarani berayaptimi? Aniqlanayotgan holatlar aholining tinch-to'kis hayotini ta'minlaydimi? Buni birgina o'tgan hafta raqamlari misolida oladigan bo'lsak, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, 6 sentyabr kuni huquqbuzarlik sodir etgan 177 fuqaro aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy choralar ko'rilgan. Ilgari sudlangan shaxslar tomonidan qayta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida 2 nafar shaxs ma'muriy nazoratga olingan.
Davomat tadbirlari asosida 3 nafar ota-onaga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 47-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, sababsiz dars mashg'ulotlarida qatnashmayotgan 11 nafar o'quvchi ta'limga qaytarilgan.


Shuningdek, yong'in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan yoki davlat yong'in nazorati organlarining yozma ko'rsatmalari bandlarini bajarmayotgan 11 fuqaroga ma'muriy choralar ko'rilgan, yong'in sodir bo'lishiga olib kelishi mumkin bo'lgan 2 ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtincha to'xtatilgan va nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlab qo'yilgan.
Bungacha esa...

Kalishdagi opiy

Inson yoshi ulg'aygani sari hayotning past-balandini, oq-qorasini tanib, anglab boradi. Qari bilganni pari bilmas, deganlari chin. Ammo hayotda shunday kishilar ham borki, yoshi keksayib, nevaralariga, yoshlarga o'rnak bo'lish o'rniga odam nomiga isnod keltiradigan yumushlar bilan shug'ullanib yurishadi. To'ringdan go'ring yaqin, insofga kelsang-chi, deydigan mardum ham topilmaydi bunday chog'larda.
Mirishkor tumani Madaniyat mahallasida yashovchi nafaqaxo'r B.Xolboeva ham oz emas, ko'p emas, 63 yoshda. Bir qarashda bu onaxon qonunga xilof ish qiladiganga o'xshamaydi. U tuman markazidagi FHDYo bo'limi yonida ketib borarkan, uning xatti-harakatlari ichki ishlar xodimida shubha uyg'otdi. Tekshiruv jarayonida esa B.Xolboevaning kalishi ichida sellofan paketga o'ralgan sarg'ish rangli, nam holatdagi o'simlik talqoni va qoramtir rangli modda borligi aniqlandi. Ekspertiza tahlillari o'simlik talqoni ko'knor xashagi ekani va sof og'irligi 1,2 grammligi, narigisi esa og'irligi 0,15 gramm bo'lgan opiy giyohvand moddasi ekanligini ko'rsatdi.
To'g'ri, mazkur holatni xaspo'shlaydigan vajlar ko'p. Kimdir tirikchilikni, kimdir bilmaganini, yana birov bilib turib adashganini aytadi. Nima bo'lganda ham javobgarlik muqarrar. Yana bir jihati, giyohvandlikning ayanchli oqibatlaridan bugun bexabar odam topilmagani holda bunday ishga qo'l urayotgan har bir ongli kishi qilmishi qonun-ku mayli, vijdon va axloqqa ham to'g'ri kelmasligini tushunishi kerak.
Mazkur holat bo'yicha Mirishkor tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksi 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.
Tuman FHDYo bo'limi yonida xuddi shunday yana bir jinoyat sodir etildi.    Muborak tumani 2-mittitumanda ro'yxatda turuvchi, 1975 yilda tug'ilgan       Sh.Nazarov G. ismli shaxsga 1 million so'm pul evaziga giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtda ushlandi. U bilan birga bo'lgan, Chiroqchi tumani Qo'chqorbuloq qishlog'ida ro'yxatda turuvchi, 1975 yilda tug'ilgan    R.Elmurodov boshqaruvida bo'lgan “Vaz-21011” rusumli avtomashina ichki qismi orqa oyna tagidan esa gugurt qutisi ichidagi qoramtir-malla rangli, o'tkir hidli modda aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi.
Viloyat IIB EKB eksperti ma'lumotnomasiga ko'ra, avtomashinadan topilgan modda tarkibida morfin, kodein, tebain alkaloid giyohvand moddalari bor va u opiy deb ataladi, og'irligi 3 gramm. G. ismli shaxsga sotilgan modda ham opiy bo'lib, vazni 3,81 grammga teng.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Tilla o'g'rilari


Bozor – o'z nomi bilan bozor, unda o'g'riyam, to'g'riyam bo'ladi. Shuning uchun bu erga ehtiyotini qilib kirgan kishi xotirjam tarzda chiqib ketishi mumkin.
Chiroqchi tumani G'allakor qishlog'ida yashovchi, 1976 yilda tug'ilgan S.A.ga bozor begona edi, deb bo'lmasdi. Tillavor savdosida suyagi qotib kelayotgandi. Tumandagi Qoraburuq qishlog'ida joylashgan “Ko'ktosh Barakasi” MChJ bozorida ekan, nimadir bo'ldiyu, charm sumkasidagi 97 million 348 ming so'mlik tilla taqinchoqlari va    3 ming AQSh dollari hamda o'zi bilan bir qishloqda yashovchi K.G.ga tegishli 19 million so'mlik tilla taqinchoqlar o'g'irlab ketilganini payqab qoldi.
Chiroqchi tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni sodir etgan 4 nafar xotin-qiz qo'lga olindi va Jinoyat kodeksi 169-modasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yashirin sex faoliyati to'xtatildi

Yashirin faoliyat ko'rsatishning zarari shundaki, avvalo, bu qonunga zid, qolaversa, tayyorlanayotgan mahsulotning aholi salomatligiga jiddiy ziyon etkazmasligiga kafolat yo'q, davlat byudjetiga belgilangan soliq va to'lovlar to'lanmaydi va hokazo.
Shahrisabz shahri Kunchiqar mahallasida yashovchi, 1948 yilda tug'ilgan S.Avloqulov yashash xonadonida tashkil qilgan sex yuqoridagi fikrimizga dalil bo'la oladi. Bugun yurtimizda tadbirkorlik faoliyati uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan bir vaqtda S.Avloqulovning yashirin yo'lni tanlagani g'alati. To'g'ri, soliq to'lamay qanchadir daromadga ega bo'lish mumkin, biroq tokaygacha?! Ko'za kunda emas, kunida sinadi, deb bejiz aytishmagan axir.
O'rganish davomida xonadonda yog'-moy ishlab chiqarish sex qurilmasi, 3 dona juvoz uskunasi, 29 qop chigit, 16 qop zig'ir va 140 kilogramm yog' borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB TB tomonidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qimorda tillodan ham qimmatini yutqazishdi

Profilaktika tadbirlari davomida Qarshi tumani Mirmiron mahallasida yashovchi, 1987 yilda tug'ilgan S.M. o'z uyida mahalladoshlari M.M. va S.M. bilan 176 ming so'm pul tikib, qimor o'ynayotgani aniqlangan.
Qarshi tumani Quyi Beshkent qishlog'ida yashovchi X.Sh. ham o'z mahalladoshlari bilan 120 ming so'm pul tikib, qimor o'ynagan. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 191-moddasi bo'yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, tuman ma'muriy sudi tomonidan ularning har biriga eng kam ish haqining 4 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Bu aytishga oson, biroq ushbu yigitlar hayotining oltinga teng davrini qimorga tikkani va boy berganini anglarmikan? Axir, umr bir marta beriladi, uning har oni g'animat, har fursatidan unumli foydalanib qolish kerak.
Yana bir jihati, qimorbozlik bugun asosan yoshlar orasida “urf”ga aylangan. Kattalarning ko'zi qaerda, degan savol tug'iladi. Aynan qimor sabab qancha odamning umri xazon bo'lgani, necha-necha oilalarga putur etganini unutib qo'ymadikmi? “Ha, bolalar bir karta o'ynasa o'ynabdi” qabilidagi beparvolik ertaga jiddiy jinoyatlarga yo'l ochishini bilamizmi?

Keskin choralarsiz kamaytirib bo'lmaydi

Hayotda har bir kishi o'z sohilini o'zi belgilaydi: birov ilm yo'lini tanlasa, boshqasi yaxshi bir hunarning boshini tutadi. Yana kimdir umr to'lqinlari qaerga boshlasa, o'sha tomonga ketadi. Ba'zilar borki,   nafsi boshlagan yo'lni ma'qul ko'radi. U keltiradigan isnod, yuzi qoralik, o'chmas dog' esga olinmaydi. Keyingi vaqtlarda tobora ko'payib borayotgan fohisha(boz)lik haqida ayni shu fikrlarni bildirish mumkin. Amaliyot shuni ko'rsatayaptiki, bu borada qat'iy choralarga o'tish vaqti keldi. Chunki fohishalikni kasb qilganlarga aksar hollarda qo'llanayotgan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi jarima ushbu jirkanch qilmishni butkul cheklashga kamlik qilayapti. Jazo keskin bo'lmas ekan, xulqi buzuq kimsalar ko'payib boraveradi.
Masalan, Shahrisabz shahri Teparlik mahallasida yashovchi, 1996 yilda tug'ilgan X.M. tanishi, 1986 yilda tug'ilgan E.B. bilan 16 ming so'm evaziga munosabatga kirishgan. Mirishkor tumani Yangi Mirishkor mahallasida yashovchi, 1995 yilda tug'ilgan S.U. mahalladoshi, 1988 yilda tug'ilgan A.O.ga 50 ming so'mga “xizmat ko'rsatgan”. Kitob tumani Yakkasaroy mahallasilik, 1988 yilda tug'ilgan R.G. 20 ming so'm evaziga fohishalik qilgan.
Albatta, holatlar juda ko'p. Ulardan undirilgan jarimalar ham. Ammo asosiy maqsad fohishalardan jarima undirish emas, bunday qilmishga mutlaq chek qo'yish emasmi?!

Eski, biroq baribir qurol-da


Ota-bobolarimiz ov qilish va shunga o'xshash maqsadlarda turli o'qotar qurollardan foydalangan. Ular bugun ancha eskirib, yaroqsiz holga kelgani bilan   nomi qurol, u yoq-bu yog'ini epaqaga keltirib, boshqalarga xavf tug'diradigan vositaga aylantirish mumkin. Shuning uchun Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq tegishli ruxsatnomasiz o'qotar qurol, shuningdek, o'q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o'tish yoki jo'natish mumkin emas. Bordiyu bunday qurollar ota-bobolarimizdan saqlanib qolgan bo'lsa-chi? Ular belgilangan tartibda topshirilishi kerak, aks holda jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi.
Shu asosda olib borilgan targ'ibot tadbirlari natijasida Shahrisabz tumani Vodriq qishlog'ida yashovchi, 1964 yilda tug'ilgan To'ychi Qobilov eski     omborxonasini ta'mirlash vaqtida devor orasidan topib olgan, marhum otasi G'uzor Qobilovga tegishli bo'lgan 1 nilli o'qotar ov qurolining stvolini o'z ixtiyori bilan tuman IIBga topshirdi.
Mirishkor tumani O'zbekiston mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug'ilgan Davlat Kenjaev ham eski molxonasini buzayotgan vaqtida devor orasidan 2 nilli, Toz-8 rusumli, 80903-65 raqamli o'qotar ov qurolini topib olib, qonunga muvofiq ish tutishni ma'qul ko'rdi.
Dehqonobod tumani Cho'qmozor qishlog'ida yashovchi Bashi Xudoyqulova marhum turmush o'rtog'idan qolgan 1 nilli, 16 kalibrli, raqami va ishlab chiqarilgan sanasi noaniq o'qotar ov qurolini ichki ishlar idorasiga keltirib berdi.
Shuningdek, Shahrisabz shahrida tan jarohatlari bilan bog'liq jinoyatlarning oldini olish maqsadida “Tig'” tadbiri o'tkazilib, shaharda haydovchilik bilan shug'ullanuvchi 28 kishi yonida o'tkir tig'li pichoq olib yurgani aniqlandi va tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Yuqoridagi holatlardan bir savol kelib chiqadi: jinoyat va huquqbuzarliklar soni nega ko'p: qonunni pisand etmaydiganlar ko'payganmi yo huquq-tartibot idoralari yaxshi ishlayapti? Albatta, ikkinchisi bo'lgani hammaga ma'qul. Ammo amaliyot ushbu idoralar xodimlari ko'p hollarda “pojarny metod” asosida, jinoyatning vaqtida oldini olishdan ko'ra uni ro'yxatga olib, oqibatlari bilan ishlayotganini ko'rsatayotgani kishini chuqur mushohadaga chorlaydi…

N.XO'JAEV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Page 1 of 5

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 187 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family