wrapper

Items filtered by date: Iyun 2018 - Qashqadaryo viloyat hokimiyati
seshanba, 12 Iyun 2018 00:00

MUNDIAL TARIXIDAGI YORQIN QAYDLAR

Yana sanoqli kunlardan so‘ng, aniqrog‘i 14-iyundan futbol bo‘yicha navbatdagi (XXI) Jahon chempionati boshlanadi. Bir oy davomida Rossiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan musobaqada yangi-yangi nomlar porlashi, iqtidorlar kashf etilishi, qaysidir rekordlar yangilanishi mumkin. Bunga qadar esa mundial tarixiga bitilgan eng yorqin rekordlarni yodga olamiz.

ENG KO‘P O‘YIN BOSHQARGAN HAKAM

Bejizga hakamlardan boshlamadik. Chunki, ayni vaqtda futbol bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p o‘yin boshqargan hakam bizning yurtdoshimiz - Ravshan Ermatov hisoblanadi va bu har birimizga yuksak g‘urur bag‘ishlaydi.

U 2010-yilda Janubiy Afrika respublikasi mezbonlik qilgan jahon chempionatidagi ishtiroki bilan dunyoga tanilgan edi. Qat’iy pozitsiyaga ega, o‘yinni oldindan o‘qiy biladigan va uchta tilda mukammal so‘zlasha oladigan Ravshan Ermatovga ushbu mundialda eng ko‘p - 5 ta o‘yin bosh hakamligi ishonib topshirilgandi.

2014-yilda Braziliyada o‘tgan Jahon chempionatiga Ravshan Ermatov tajribali hakam sifatida tashrif buyurdi. Undagi guruh bahslarida Shveysariya - Ekvador, Xorvatiya - Meksika, AQSH - Germaniya uchrashuvlarini yuqori darajada boshqargan hakamimizga chorak finalda Gollandiya hamda Kosta-Rika terma jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuv bosh hakamligi ham topshirildi. Ushbu o‘yin Ravshan Ermatovning jahon chempionatlarida boshqargan to‘qqizinchi bahsi bo‘ldi va bu borada u mutlaq rekord o‘rnatdi. Chunki shu vaqtga qadar hech bir hakam mundiallar doirasidagi 8 tadan ko‘p o‘yinni boshqarmagan edi.

Quvonarli tomoni, Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi bu yilgi mundialga ham taklif etilgan va ular ayni vaqtda Rossiyada bo‘lib turishibdi. Demak, rekordni yanada mustahkamlash uchun unda imkoniyat katta.

ENG KO‘P ISHTIROK ETGAN JAMOA

Jahon chempionatlarida eng ko‘p ishtirok etgan jamoa - Braziliya termasi hisoblanadi. Pentakampeonlar 1930-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan barcha mundiallar ishtirokchisi bo‘lgan. Shuningdek, mamlakat ikki marotaba ushbu xalqaro musobaqaga mezbonlik qilgan: 1950-hamda 2014-yillarda chempionat aynan shu yurtda bo‘lib o‘tgandi. Qizig‘i, “sariq-yashil”lar o‘zlari mezbonlik qilgan ikkita mundialda ham zafar qucha olishmagan.

ENG KO‘P ISHTIROK ETGAN FUTBOLCHI

Mundialda eng ko‘p ishtirok etish bo‘yicha rekord ikki nafar futbolchiga tegishli: nemis futboli afsonasi Lotar Matteus hamda meksikalik Antonio Karbaxal beshta jahon chempionatida to‘p surgan.

Lotar Matteus 1982-, 1986-, 1990-, 1994-, 1998-yillarda bolib otgan tort yillikning eng muhim turnirida ishtirok etgan bolsa, Antonio Karbaxal 1950-, 1954-, 1958-, 1962-hamda 1966-yillardagi mundiallarda Meksika terma jamoasi darvozasini qo‘riqlagan.

ENG SOVRINDOR JAMOA

Jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p sovrin yutish bo‘yicha rekord ham shak-shubhasiz Braziliya terma jamoasiga tegishli. Ular 1958-, 1962-, 1970-, 1994- hamda 2002-yillarda jahon kubogini boshi uzra baland ko‘tarishgan. Shuningdek, yana ikki marotabadan kumush va bronza medallariga ega chiqishgan.

Bosh sovrinlar borasida ikkinchi o‘rin Germaniya terma jamoasiga tegishli. “Nemis mashinasi” shu vaqtga qadar 4 marotaba jahon chempionati oltin medallariga ega chiqqan. Sovrinlarning umumiy soniga ko‘ra esa ular Braziliyani ham ortda qoldiradi. Chunki nemislarda mundialning 4 ta kumush va 4 ta bronza medallari ham bor.

ENG SOVRINDOR FUTBOLCHI

Jahon chempionati kubogini yolg‘iz bir futbolchi - Pelegina uch marotaba qo‘lga kiritgan. U 1958-, 1962-, 1970-yillarda Braziliya terma jamoasi safida chempion bo‘lgan.

Bundan tashqari, jahon chempionati kubogini qo‘lga kiritgan eng yosh futbolchi maqomi ham Pelega tegishli. U 1958-yilda Shvetsiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan mundialda bosh sovrinni qo‘lga kiritganida hali 17 yoshda edi.

ENG KO‘P GOL URGAN FUTBOLCHI

Jahon chempionatlarida eng ko‘p gol urgan futbolchi Germaniya terma jamoasi a’zosi Miroslav Kloze bo‘ladi. Aytish joizki, ushbu nemis fuqarosi 20 yoshida ham qurilishda g‘isht teruvchi bo‘lib ishlardi. 21 yoshida esa professional futbolga qiziqib, Bundesliganing beshinchi divizionidagi “Kayzerslautern”ning ikkinchi jamoasiga borib qo‘shilgan. O‘sha vaqtlarda u ustachilik bilan sportdagi faoliyatini birvarakayiga olib borardi. Shunga qaramay, bir mavsumda 11 gol kiritishning uddasidan chiqqan. Ushbu hujumchi uchun raqib darvozasiga to‘p kiritish xuddi g‘isht terishdek oson yumush edi go‘yo. Buni qarangki, vaqt o‘tib Kloze jahon chempionati final bosqichlarining eng yaxshi to‘purariga ham aylandi. U 2002-, 2006-, 2010-, 2014-yillarda bo‘lib o‘tgan mundiallarda 24 marotaba maydonga tushib, 16 ta gol urishga erishgan.

Shuningdek, Kloze Jahon chempionatining bittadan oltin va kumush hamda ikkita bronza medallarini rasmiylashtirib qo‘yishga ham ulgurgan.

To‘purarlik borasida ikkinchi o‘rin esa hozircha Braziliyalik Ronaldoga tegishli bo‘lib turibdi. U uchta Jahon chempionatida 19 marotaba maydonga tushib, 15 ta golni o‘z nomiga yozib qo‘ydirishga erishgan.

ENG CHIROYLI GOL

Jahon chempionatlari tarixidagi eng chiroyli gol borasida futbol muxlislari, mutaxassislar va jurnalistlar o‘rtasida juda ko‘p munozaralar yuradi. Bu maqomga loyiq bo‘lgan gollar ham talaygina.

Biroq yaqinda butun dunyo futbol ishqibozlari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomada 1986-yilda Meksika yashil maydonlarida o‘tgan jahon chempionatida mezbonlar terma jamoasi yarimhimoyachisi Manuel Negretening Bolgariya terma jamoasi darvozasiga urgan goli barcha mundiallarning eng chiroyli goli deb topildi.

Manuel o‘sha vaqtda raqib jarima maydoni ichida, himoyachilar qurshovida turgan bo‘lishiga qaramay, jamoadoshlari uzatgan to‘pni ajoyib akrobatik harakat bilan darvozaga to‘g‘ri yo‘llagan edi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, braziliyalik Ederning JCH-1982 da SSSR termasi darvozasiga uzoq masofadan urgan goli ikkinchi o‘rinni egalladi.

ENG TЕZKOR GOL

Mundial tarixidagi eng tezkor gol 2002-yilgi musobaqada kiritilgan. O‘shanda Turkiya termasi hujumchisi Hoqon Shukur Janubiy Koreya terma jamoasi darvozasini 11 soniyadayoq ishg‘ol etgan edi.

Bu haqda batafsilroq to‘xtalsak, Yaponiya bilan birgalikda turnirga mezbonlik qilayotgan Janubiy Koreya futbolchilari 3-o‘rin uchun bahsda mundialni yuqori kayfiyatda o‘tkazayotgan Turkiya termasiga ro‘baro‘ keladi. Qiziqarli o‘yin boshlanishi bilanoq Hoqon Shukur koreyslar darvozasiga to‘p kiritib, stadionni sukutga cho‘mdirib qo‘yadi (muxlislarning asosiy qismi Koreya jamoasi muxlislari edi).

Yakunda ham Turkiya futbolchilari 2:3 hisobida g‘alaba qozonib mundialda 3-o‘rinni egallaydi. Janubiy Koreya esa 4-o‘rinda qoladi. Bu hanuzga qadar har ikki terma jamoa o‘z tarixida qo‘lga kiritgan eng yaxshi natija bo‘lib turibdi.

HAM FUTBOLCHI, HAM MURABBIY SIFATIDAGI CHЕMPIONLAR

Ikki nafar shaxs ham futbolchi sifatida, ham murabbiy sifatida jahon chempionligini qo‘lga kiritib, bu borada o‘ziga xos rekord o‘rnatgan. Ulardan biri germaniyalik Frans Bekkenbauyer bo‘lsa, ikkinchisi braziliyalik Mario Zagallodir.

Frans Bekkenbauyer Germaniya terma jamoasi safida futbolchi sifatida 1966-yilda jahon chempionatining kumush, 1970-yilda bronza, 1974-yilda esa oltin medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1990 yilda Italiya mezbonlik qilgan mundialda o‘z mamlakati terma jamoasini bosh murabbiy sifatida maydonga boshlab tushib, yakunda kubokni olib qaytgan.

Braziliyalik Mario Zagallo esa 1958- va 1962-yilgi mundiallarda terma jamoasi safida futbolchi sifatida zafar quchgan. 1970-yilda esa Braziliya futbolchilari aynan uning qo‘li ostida uchinchi marotaba sayyoramizda tengsiz ekanliklarini isbotlashgandi.

Bugun ichki bozorlarda paxta chigiti, bug‘doy, arpa, makkajo‘xori doni, guruch uvog‘i kabi mahsulotlarning ikkilamchi chiqiti asosida tayyorlangan yem turlari ko‘p. Biroq, bu mahsulotlar samaradorlik jihatdan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik bilan professional tarzda shug‘ullanayotgan oilalar yoki tadbirkorlik subyektlarini qanoatlantirmaydi. Ularga har bir turdagi jonivorlarning oziqlanish ratsionidan kelib chiqib maxsus tayyorlangan, barcha turdagi vitaminlar va minerallar bilan boyitilgan omixta kerak.

Qarshi shahrida yangi faoliyat boshlagan “Mastrokgarant” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday yem mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

- Faoliyat boshlashdan avval bozorni o‘rgandik, - deydi jamiyat ta’sischisi Bahriddin Murtozayev. - So‘nggi yillarda yurtimizda, shu jumladan, viloyatimizda ham sanoat usulida chorva, parranda, quyon va baliq yetishtirish ko‘lami ortib bormoqda. Ushbu xo‘jaliklarda maxsus tayyorlanadigan yemga talab bor. Chunki, kutilgan darajada go‘sht, sut yoki tuxum olish uchun ozuqa ham shunga mos, tarkibida jonivorlarningsog‘lom rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha elementlar bo‘lishi kerak. Shundan kelib chiqqan holda, boyitilgan omixta yem ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kirishdik.

Tadbirkorning bu boradagi sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq, Rossiyaning “Dozaagro” kompaniyasidan qiymati 1 milliard 360 million so‘mni tashkil etadigan zamonaviy texnologiyaxarid qilingan. Ushbu texnologiya bir oyda 450 tonna omixta tayyorlash imkonini beradi.

- Korxonamizda ishlab chiqarish jarayoni bir necha bosqichni o‘z ichiga oladi, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Anvar Avazov. - Avvalo tayyorlanayotgan ozuqaning nima uchun mo‘ljallanayotganidan kelib chiqib, maxsus ratsion asosida barcha zarur mahsulotlar, vitamin va boshqa elementlar yig‘iladi. Shundan so‘ng maxsus uskunada ularning tarkibi zararli bakteriya va mikroblardan to‘liq tozalanadi. Xomashyo yana bir marotaba laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilgach, ezilib aralashtiriladi. So‘ng aralashma qaysi turdagi jonivor uchun tayyorlanganiga qarab, ularga berish uchun qulay shaklga keltiriladi va qoplarga joylanadi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, ayni damda korxonada ishlab chiqarilayotgan omixta yem ichki bozorda sotilmoqda. Shu bilan birgalikda, qo‘shni Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston mamlakatlari tadbirkorlari bilan ham mahsulot yetkazib berish borasida muzokaralar olib borilayapti.

Kasbi tuman Bolalar va o‘smirlar sport maktabi tasarrufidagi eski ochiq suv havzasi tubdan qayta rekonstruksiya qilinib, uning o‘rnida zamonaviy yopiq havza barpo etilgani hudud yoshlarini g‘oyat shod etdi, endi ular doimiy ravishda suv sporti bilan shug‘ullanish imkoniga ega.

- Ayni vaqtda suzish havzasida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan ikki yuzga yaqin o‘g‘il-qiz doimiy mashg‘ulotlar olib bormoqda, - deydi murabbiy Fotima Ochilova. – Basseyn suvni filtrlash, isitish kabi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Undagi suv va zal havosi doimo bir xil, mo‘tadil ushlab turiladi.

Havza foydalanishga topshirilganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Biroq, bu yerda shug‘ullanayotgan yoshlar allaqachon medallar jamg‘arishni ham boshlab yuborgan.

- Ushbu suzish havzasi ochilganidan so‘ng, birinchilardan bo‘lib mashg‘ulotlarga kelganman, - deydi tumandagi 16-o‘rta maktabning 7-sinf o‘quvchisi Munisa Hasanova. – Qisqa vaqt ichida suzishni o‘rganib, musobaqalarda ham ishtirok eta boshladim. O‘tgan davr mobaynida bir necha marotaba tuman va viloyat birinchiliklarida sovrinli o‘rinlarni egalladim. Xususan, “Umid nihollari” sport o‘yinlarining viloyat bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritganim men uchun juda katta natija bo‘ldi. Endigi maqsadim esa O‘zbekiston chempioni bo‘lish, terma jamoaga qabul qilinish va keyin olimpiadada yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish.

Ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tish joizki, hozirgi vaqtda viloyatimizda 10 ta zamonaviy suzish havzasi ishlab turgan bo‘lsa, shuning 8 tasi yopiq turdagi basseyndir.

Chorshanba, 06 Iyun 2018 00:00

Xususiylashtirilgan davlat mulki obyektlari

    Chiroqchi tumanida bir vaqtlar savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullangan davlat tashkiloti tugatilgach, unga qarashli bino va inshootlar bo‘shab qolgandi. Strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan boshqa obyektlar qatori ushbu ishlab chiqarish maydoni ham davlat tasarrufidan chiqarilib, xususiy mulkdor qo‘liga berildi. Mazkur amaliyotdan ko‘zlangan maqsad esa yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlarni ko‘paytirishdan iborat edi. Dastlabki vaqtda bu yaxshi samara berdi ham. Ammo bir muddat o‘tib, ushbu quvvatlarda mahsuldorlik pasayishi, ba’zan butkul harakatdan to‘xtash holati kuzatildi.

Tabiiyki, unumli foydalanilmayotgan bunday obyektlardan jamiyatga, iqtisodiyotimizga foyda tegmaydi. Bu boradagi ishlar natijadorligini tubdan oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2017-yil 23-fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, bunday ishlab chiqarish maydonlari va qurilishi tugallanmagan obyektlarni zudlik bilan tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish bo‘yicha ta’sirchan mexanizm joriy etildi.

Buning samarasini o‘sha yuqorida qayd etilgan obyekt misolida ham ko‘rish mumkin. Uning mulkdori - “Usta Xushvaqt karvoni” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mazkur bino-inshootni maqsadli ishlatish bo‘yicha investitsiya loyihasi ilgari surildi. Mulk negizida esa tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni obyekt to‘liq rekonstruksiya qilinib, uning o‘rnida zamonaviy savdo majmuasi ishga tushirildi. Natijada yangi ish o‘rinlari yaratildi, shuningdek, hudud byudjetiga qo‘shimcha tushum keltiruvchi subyekt yana bittaga ko‘paydi.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiyboshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtga qadar viloyatimizdagi 4137 ta davlat ko‘chmas mulki va qurilishi tugallanmagan obyektlar xususiylashtirilgan. Shuning 1980 tasida xo‘jalik faoliyati tashkil etilgan, ya’ni ulardan maqsadli foydalanilmoqda. 1849 obyekt va korxona esa buzib tashlangan. Prezidentimizning tegishli qarori talablari asosida o‘tkazilgan o‘rganish natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, xususiy sektor vakillariga mulk qilib berilgan 308 ta obyekt bir muddat faoliyatsiz bo‘lgan yoki past quvvat bilan ishlagan.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: nega shu paytgacha xususiy mulkdorlar o‘z egaligidagi bu obyektlardan samarali foydalanmagan? Tahlillarga ko‘ra, bu bir nechta omilga bog‘liq bo‘lgan. Mavjud imkoniyatni ishga solish uchun mulkdorda zarur mablag‘ yoki ishbilarmonlik qobiliyati yetishmagan. Ba’zilari bozor sharoitiga moslasha olmagan. Tadbirkorlikni rivojlantirishga hafsalasizlik bilan qaraganlar ham bo‘lgan. Natijada shunday katta resurs bo‘lgani holda undan samarali foydalanish darajasi qoniqarsizligicha qolgan.

“Usta Xushvaqt karvoni” MCHJga qarashli savdo majmuasi

Yangi tartibga asosan, mana shunday korxona va obyektlarni xo‘jalik faoliyatiga darhol jalb qilish, ularning mulkdorlariga muammolarini bartaraf etishda yaqindan yordam berish, pirovardida joylarda yuqori ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Hozirda qo‘llanayotgan mexanizm ilgari davlat mulkini xususiylashtirib olgan, ammo bugungi kundaishlab chiqarishni tashkil etishda muammo hamda to‘siqlarga duch kelayotgan mulkdorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatishga keng imkoniyat yaratdi. Buning samarasida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, iste’mol bozorini xaridorgir mahsulot va xizmatlar bilan to‘ldirish uchun zamin hozirlandi.

- Ushbu 308 ta faoliyatsiz turgan obyektdan 87 tasining har biri 2000 kvadrat metrdan ortiq ishlab chiqarish maydoniga ega, - deydi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ulash Mardayev. - Bu muvaffaqiyatli biznes boshlash uchun katta qulaylik degani. Mulkdorlar bilan bu borada zarur tushuntirish ishlari olib borildi. Tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan kishilar tegishli yo‘nalishda o‘qitildi, sohadagi yengilliklar bilan tanishtirildi. Natijada 180 ta obyekt egasi bilan hamkorlikda xo‘jalik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan istiqbolli investitsiya loyihalari ishlab chiqildi. Tasdiqlangan tarmoq jadvaliga ko‘ra, joriy yil davomida obyektlarga 90 milliard 489 million so‘m va 16,9 million AQSH dollari miqdorida mulkdorlarning o‘z mablag‘i, 10,7 million AQSH dollari va 145 milliard 945 million so‘m miqdorida bank krediti yo‘naltirish ko‘zda tutildi. Loyihalarning samarali ro‘yobga chiqishi 2100 nafardan ziyod kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Mutasaddining ta’kidlashicha, ushbu tashabbuslarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun allaqachon ishlar boshlab yuborilgan. 1-iyun holatini qaraydigan bo‘lsak, xususiylashtirilgan ushbu obyektlarda ish boshlash uchun mulkdorlarning 27 milliard 88 million so‘m o‘z mablag‘i, 27 milliard 595 million so‘m va 783 ming AQSH dollari miqdorida moliyaviy ko‘mak jalb etilgan. Bir qancha loyihalar tez fursatda amalga oshishi natijasida 210 yangi ish o‘rni yaratilishi ta’minlangan. Bugungi kunda 18 ta obyektda xo‘jalik faoliyati tiklanib, mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga kirishilgan.

Qarshi shahridagi “Zarmast shifo” xususiy korxonasi tomonidan ham davlat mulki hisoblangan bino biroz avval xususiylashtirib olingandi. Unga qarashli obyektning foydali maydoni 2000 kvadrat metrdan oshadi. Qaror talablaridan kelib chiqib, mulkdor tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga qat’iy ahd qildi, investitsiya loyihasini taklif etdi. Yangi quvvatning asosiy faoliyat yo‘nalishi ham belgilandi - tibbiy xizmat ko‘rsatish. Loyiha qiymati esa 3 milliard 400 million so‘mni tashkil qildi.

- Shuning 1 milliard 500 million so‘mi o‘z mablag‘imiz bo‘lsa, qolgani tijorat banki tomonidan ajratilgan kredit hissasiga to‘g‘ri keladi, - deydi korxona bosh hisobchisi Murod Yo‘ldoshev.- Tadbirkorlikning aynan shu turini tanlaganimiz ham bejiz emas. Chunki hozirgi vaqtda yurtimizning ushbu sohasida xususiy sektor ishtiroki faol rag‘batlantirilmoqda, ishbilarmonlarga bir qator imtiyozlar berilgan. Shu sabab eski bino o‘rnida zamonaviy xususiy klinika bunyod etib, yaqinda foydalanishga topshirdik. Bu yerda davolash va tashxislash ishlari amalga oshirilayapti. Har bir bo‘lim zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan, malakali mutaxassislar jalb qilingan. Statsionar tartibda bir vaqtning o‘zida 70 bemorni davolash imkoniga egamiz. Klinika qoshida dorixona ham ochdik. Faoliyatimizni yo‘lga qo‘ygach, 40 nafarga yaqin kishi ish bilan ta’minlandi.

 

 

“Zarmast shifo” XKga qarashli klinika

Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish ishlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada mas’ul tashkilotlarga aniq vazifalar yuklandi. Bunday mulkdorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Kezi kelganda, ularga tashkiliy, moliyaviy, xullas, barcha zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Fikrimiz isboti o‘laroq, aniq misolga murojaat qilamiz.

Nishon tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Kino-video” mas’uliyati cheklangan jamiyati bundan ikki yil avval hududdagi eski bino - kinoteatrni o‘z egaligiga qabul qilib olgandi. Tadbirkor undan foydalanish bo‘yicha bir qancha rejalarni o‘ylagan, biroq moddiy qurbi yetmasligi boisidan ularni hayotga tatbiq etolmayotgandi. Ishbilarmonga tijorat banki tomonidan imtiyozli kredit taqdim etildi. Ushbu moliyaviy ko‘mak esa tegishli qo‘mita qoshida tashkil etilgan Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘i hisoblanadi.

- Shundan so‘ng loyihamizda ko‘rsatilgan hamma yo‘nalishlarni ishga tushirishga kirishdik, - deydi tadbirkorlik subyekti rahbari Xolnazar Turopov. - Buning uchun jami 650 million so‘m sarmoya sarflayapmiz. Kinoteatrni turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan maskanga aylantirdik. Ushbu binoda konsertlar, madaniy-ma’rifiy dasturlarni namoyish etish mumkin. Qolaversa, qo‘shimcha shoxobchalar ham ish boshladi. Mo‘jazgina tikuvchilik sex barpo etdik. 10 nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilayotgan mazkur dargohda 15 xildan ko‘p tikuvchilik mahsuloti tayyorlanmoqda. Ularning realizatsiyasini ham boshlab yuborganmiz. Shuningdek, liboslar saloni, oshxona faoliyat ko‘rsatayapti. Tez orada savdo do‘koni foydalanishga tayyor bo‘ladi. Natijada jami 40 nafar kishining bandligi ta’minlanadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, tegishli qarorda investitsiya loyihasini amalga oshirmaganligi to‘g‘risida xulosa olgan mulkdorlar bir qator imtiyozlardan mahrum etiladi. Jumladan, xususiy mulk qilib berilgan qurilishi tugallanmagan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari shu vaqtga qadar soddalashtirilgan soliqqa tortilgan bo‘lsa, keyingi oydan boshlab mulkdorlar umumo‘rnatilgan tartibdagisoliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashga o‘tkazilib, egaligidagi obyekt uchun mulk va yer soliqlarini ikki baravar miqdorda, olti oy o‘tgandan keyin 5 baravar, 1 yildan so‘ng va keyinchalik 10 baravar miqdorda to‘laydi.

“Kino-video” MCHJga qarashli majmua

Boshqarmadan olingan ma’lumotga qaraganda, ayni paytda 84 ta korxona va obyekt mulkdorlari biznes loyiha taqdim qilmagan va loyihalarni amalga oshirmagan. Ushbu yuridik shaxslarni umumo‘rnatilgan tartibdagi soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashga o‘tkazish bo‘yicha viloyat Davlat soliq boshqarmasiga taqdimnoma yo‘llangan. 2018-yil 15-may holatiga ko‘ra, tegishli tartib asosida 34 ta obyekt mulkdoriga nisbatan 2 milliard 798,8 million so‘m soliq hisoblangan va 1 milliard 141,4 million so‘m undirilgan.

Xulosa o‘rnida aytganda, ilgari xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va faoliyatsiz ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlardan aniq maqsad ko‘zlangan. Avvalo, bu borada muammo hamda to‘siqlarga duch kelayotgan mulkdorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish, shu orqali faoliyatsiz korxonalarni tadbirkorlik faoliyatiga jadal jalb qilish dolzarb masala sifatida qo‘yilgan bo‘lsa, mavjud imtiyozlardan samarasiz foydalanib kelayotgan ilgari xususiylashtirilgan davlat mulki egalarini harakatga keltirish ham bunda ko‘zda tutilgan. Natija esa joylarda zamonaviy ishlab chiqarishlar tashkil qilinishi va shu asnoda yangi ish joylari barpo etilishida namoyon bo‘lmoqda.

Page 1 of 2

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 250 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family