wrapper

Items filtered by date: Aprel 2018 - Qashqadaryo viloyat hokimiyati
seshanba, 24 Aprel 2018 00:00

DUNYO POLVONLARI SHAHRISABZDA BELLASHDI

Milliy kurashimiz bir necha ming yillik tarixga ega. Qadimiy qo‘lyozmalarda eramizdan oldingi davrlarda ham bu sport turi ommaviy musobaqalar tarkibidan munosib o‘rin olganligi haqidagi ma’lumotlar uchraydi.

Muqaddas zaminimizda tug‘ilib o‘sgan, nomlari afsonayu dostonlarga aylanib ketgan o‘nlab bahodirlar katta davralarda kurash tushib, o‘zbek nomini butun olamga taratgan. Buyuk ajdodimiz Amir Temur ham o‘z askarlari mahoratini sport tadbirlari asosida doimiy oshirib borgani bizga tarixdan ma’lum. Albatta, Sohibqiron harb amaliyotlari oldidan kechgan tayyorgarlik jarayonida odamlarini turli jang san’ati, usullari, xususan, kurash asosida chiniqtirganiga shubha yo‘q.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng esa o‘zbek milliy kurashi haqiqiy ma’noda yangicha rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Ko‘plab an’anaviy turnirlar, xalqaro musobaqalar tashkil etila boshlandi. Bugun dunyoning hamma qit’alarida o‘zbek milliy kurashi bilan muntazam shug‘ullanayotgan sportchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Unga qiziqish tobora oshib bormoqda. Bu Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan VII xalqaro turnirda yana bir marotaba o‘z ifodasini topdi.

Turnirning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi asoschi raisi Komiljon Yusupov o‘zbek milliy kurashi bugun dunyoning barcha mintaqalarida jadal rivojlanib, nufuzi yuksalib borayotganini, jumladan, ushbu sport turi Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturlari tarkibiga rasman kiritilgani, Sohibqiron Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir “Osiyo olimpiadasi” oldidan qit’amiz kurashchilari uchun muhim tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tashini ta’kidlashdi va turnir ishtirokchilariga omad tiladilar.

- Bugungi musobaqaning o‘ziga xos ramziy ma’nosi ham bor, - deydi Komiljon Yusupov. - Endigina davlatimiz mustaqillikka erishgan bir paytda, 1992-yilning avgust oyida xuddi mana shu o‘yingohda milliy kurash bo‘yicha birinchi rasmiy turnir o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng, o‘zbek kurashini targ‘ib qilish, dunyoga tanitish bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirildi. Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini ko‘rsatdi. Mana, Shahrisabz yana kurash bo‘yicha yirik, xalqaro musobaqaga mezbonlik qilayapti.

Darhaqiqat, o‘zbek kurashining nufuzi yuksalib, ushbu sport turiga  qiziqish tobora ortib borayapti. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sportchilar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari xodimlarining e’tirofi ham shundan darak.

- So‘nggi yillarda yurtimizda ko‘plab yoshlar o‘zbek kurashi bilan shug‘ullanmoqda, - deydi eronlik polvon Jafar Pahlavoniy. – Shu sport turi bo‘yicha yangi-yangi nomlar kashf etilayapti.  Shahrisabzdagi xalqaro turnirga ham qator sportchilar, murabbiylar va jurnalistlardan iborat kattagina delegatsiya bilan keldik.

Umumiy sovrin jamg‘armasi 50 ming AQSH dollarini  tashkil etgan turnirda dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan tashrif buyurgan uch yuzga yaqin polvon erkaklar o‘rtasida 73, 81, 90 va mutlaq, ayollar o‘rtasida esa 57 va 78 kilogramm vazn toifalarida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bahslarda vazn toifasi 57 kilogrammgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasida g‘oliblik o‘zbekistonlik Gulnor Sulaymonovaga nasib etdi. 78 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida yana bir yurtdoshimiz – Gulnoza Matniyazova g‘alaba qozondi.

Erkaklar o‘rtasida 73 kilogramm vazn toifasida tojikistonlik Behruzi Xodjazoda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 81 kilogramm vazn toifasida eronlik Ilyas Ali-Akbari shohsupaga ko‘tarildi. 90 kilogramm vazn toifasida ham Tojikiston vakili – Kamronshoh Ustapiryon g‘olib bo‘ldi.

Mutlaq vazn toifasidagi bahslar ayniqsa, qiziqarli kechdi. Yarim finalda g‘uzorlik aka-uka – Sherali va Ilhom Jo‘rayev bir-biriga ro‘baro‘ keldi. Ilhom akasi foydasiga bahsdan voz kechdi. Sherali Jo‘rayev esa hayajonli kechgan finalda eronlik Jafar Pahlavoniy ustidan g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini - 10 ming AQSH dollari bilan mukofotlandi. Shu tariqa Jafar Pahlavoniy ikkinchi, hamyurtimiz Ilhom Jo‘rayev va mo‘g‘ulistonlik Anar Dorch uchinchi bo‘ldi. Ushbu vazn toifasida ikkinchi o‘rin g‘olibi 7,5 ming, uchinchi o‘rin g‘oliblari esa har biri 2,5 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritdi.

Jahongir BOYMURODOV

2017 yilning avgust oyida Muborak gazni qayta ishlash zavodi tasarrufida “Muborak TEKS” paypoq ishlab chiqarish fabrikasi ish boshlagan edi. Har tomonlama puxta o‘ylab amalga oshirilgan loyiha o‘zini oqladi. O‘tgan sakkiz oy davomida korxona sezilarli yutuqlarga erishdi.

Ayni vaqtda subyektda paxta tolasidan oyiga 300-350 ming juft paypoq tayyorlanmoqda. Mahsulot o‘zining sifati va narxi maqbulligi bilan xaridorlarga ega bo‘lib ulgurdi. Ko‘plab xorijiy va mahalliy hamkorlar bilan istiqbolli shartnomalar imzolangan. Bu esa jamoani yanada ruhlantirib, faoliyatni kengaytirishga, yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yishga undamoqda.

- Fabrikamizda paypoq mahsulotlaridan tashqari ishchi kiyimlar, maxsus formalar ishlab chiqarishni ham boshladik, - deydi “Muborak TEKS” MCHJ marketing bo‘limi xodimi G‘anisher Xaytaliyev. – Yiliga 18 mingdan oshiq maxsus kiyim ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Hozirgi vaqtda bir qancha korxonalar bilan ana shu turdagi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.  Bundan tashqari, ishlab chiqargan mahsulotlarimizni ichki bozorlar orqali sotishga e’tibor qaratayapmiz. Xususan, joriy yilda Qarshi, Shahrisabz, Kitob shaharlarida, shuningdek, Koson, Chiroqchi, G‘uzor va Muborak tumanlarida savdo markazlarimizni ochish bo‘yicha ish olib borayapmiz.

Ahamiyatli jihati, hududlarda bu kabi salohiyatli ishlab chiqarish korxonalarining ko‘payishi eng avvalo hudud aholisi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin hozirlaydi. Birgina, “Muborak TEKS” fabrikasi misolida oladigan bo‘lsak, korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, 123 nafar mahalliy yosh ish bilan ta’minlangan edi. Ishlab chiqarish quvvatining oshishi, faoliyatning kengayishi bilan ularning soni 194 nafarga yetdi. Yangi loyihalar ham to‘liq ishga tushgach, o‘z-o‘zidan yana ellikka yaqin xodimga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Jahongir BOYMURODOV

9 aprel kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumanidagi Xo'ja Ilg'or qishlog'ida sohibqiron Amir Temurning 682 yilligiga bag'ishlangan «Xo'ja Ilg'or: qayta kashf qilingan tarix — yangi sayyohlik yo'nalishi» mavzusida katta tadbir va tanatanalar bo'lib o'tdi.

Amir Temur tavalludining 682 yilligi viloyatimizda yangi shakl va mazmunda, ilk marotaba xalq sayli shaklida keng nishonlandi.

 Dastlab davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ul xodimlari, keng jamoatchilik, nuroniylar va yoshlar Shahrisabz shahrida o‘rnatilgan Sohibqiron haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishib, buyuk ajdodimiz ruhiga hurmat bajo keltirishdi.

 Tadbir ishtirokchilari e’tirof etgani kabi Sohibqiron qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi bo‘lish bilan birga, tarixiy o‘zgarishlar pallasida hal qiluvchi o‘rin tutgan, dunyo tamadduni rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan zotdir.

 - Afsuski, bir mahallar Amir Temur shaxsiga munosabat butunlay boshqacha edi, - deydi mehnat faxriysi Said hoji Qosimov. – Shu sabab Sohibqirondan juda uzoq yillar “uzilib” qoldik. Endi o‘sha bo‘shliqni ul zot faoliyati va moddiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bilan to‘ldirishimiz kerak.

 Aytish joizki, joriy yilda Sohibqiron tavalludi oilaviy tarzda temurxonlik kechalarini o‘tkazish, yosh bolalarga Amir Temur hayotidagi ajoyib voqealarni ertak yoki rivoyat tarzida so‘zlab berish, sarkarda  sevgan shaxmat o‘yini bo‘yicha sport turnirlari o‘tkazish, turli xil jismoniy tarbiya mashqlarini tashkillashtirish, ko‘cha va xonadonlarni obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish kabi xayrli, ezgu ishlar bilan davom etmoqda. O‘z navbatida, bu bilan Amir Temurning hayotiy ibrati har bir o‘zbek xonadoniga kirib borishi maqsad qilindi.

 Amir Temur tug‘ilgan qishloq – Xo‘jailg‘or esa tarixiy qiyofa kasb etgan.  Sohibqiron tug‘ilgan deb taxmin qilinadigan, tarixiy xaritalar yordamida topilgan ko‘hna quduq joylashgan manzil erta tongdanoq gavjumlashdi. Maydonda otlar bog‘langan, o‘tovlar tikilgan, temuriylar, malikalar, jangchilar qiyofasi gavdalantirilgan. Sal narida o‘sha quduq, Takina xotun tug‘ilajak farzandi taqdiridan qayg‘urib, qamishzorlar osha quduq yoniga yetib keladi. Chunki bashoratlarda har 800 yilda Sohibqiron dunyoga kelishi va u dunyoni zabt etishi aytilgan. Shu sabab g‘animlar tomonidan Keshda yangi tug‘ilgan go‘daklar qilichdan o‘tkazila boshlangan. Bo‘lajak Sohibqiron onasi shu yerda shitob bilan kelayotgan dushman nazaridan yashirinadi va keyin bolasini dunyoga keltiradi.

 - Bu endi bir afsona, - deydi tarixchi Mo‘min Azizov. – Aynan shu quduq bo‘lmasligi mumkin, lekin Amir Temur Xo‘jailg‘orda tug‘ilgani aniq.

 Amir Temurning dunyoga kelgunicha, tug‘ilish, bolalik va balog‘at yoshidagi hayoti, vatanini bosqinchilar zulmidan ozod etish, davlatchilik asoslari, mamlakat boshqaruvidagi eng muhim falsafiy jihatlar teatrlashtirilgan sahnalar orqali ochib berildi.

 Qumloqda esa yoshlar Amir   Temur yoshligida ko‘targan, deb hisoblanadigan, 100 kilogramm atrofidagi polvontoshni ko‘tarishga urinadi. Garchi mazkur polvontoshning aynan Amir Temur yoki uning davriga tegishli ekanini tasdiqlovchi manbalar bo‘lmasa-da, xalq tilida bu xususda rivoyatlar yuradi. Holbuki, har qanday rivoyatda ozgina bo‘lsin haqiqat uchquni bo‘ladi. Yosh musavvirlar esa o‘z asarlarida Sohibqiron siymosini akslantirish harakatida. Amir Temur davlatiga kelgan xorij sayyohlari o‘sha davr haqida o‘ziga xos tasavvur beradi.

 Sahna atrofida milliy hunarmandlik namunalari, xalq o‘yinlari namoyishi, etnografik chiqishlar, Amir Temur davrini eslatuvchi uyg‘un kompozitsiya xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otgan.

 Xo‘jailg‘or qishlog‘ida, shuningdek, viloyat hokimligi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Milliy teleradiokompaniya, Milliy axborot agentligi hamkorligida Xalqaro press-klubning “Xo‘jailg‘or: qayta kashf qilingan tarix – yangi sayyohlik yo‘nalishi” mavzusida sayyor sessiyasi ham tashkil etildi.

 Sessiyada asosiy e’tibor Sohibqiron bobomiz va temuriylar davrini qaytadan kashf qilish, Amir Temur davrining nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo xalqlari davlatchiligida tutgan o‘rni o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berish, bu jihatlarning yoshlarimiz hayotidagi tarbiyaviy ahamiyatini oshirishga qaratildi. Maqsad esa aniq: tahlikali va mo‘g‘ul istibdodi hukm surayotgan bir davrda buyuk davlatga asos solgan bobomiz siymosini ulug‘lash,  Xo‘jailg‘orda yangi sayyohlik manzilini yaratish.

 Eng asosiysi, bu qishloq o‘zining tarixiy ildizlari va o‘ziga xos noyob obidalari bilan har qanday sayyoh e’tiborini torta oladi.

 Birgina ko‘hna quduqni oladigan bo‘lsak, Yakkabog‘ tumani hokimligi bosh mutaxassisi Sobir Aripovning aytishicha, undagi suv shifobaxsh bo‘lib, tarkibida inson organizmi uchun foydali 17 xil elementni jamlagan.

 Islom dunyosining taniqli vakillaridan biri, milodiy VIII  asrda vafot etgan va xalq o‘rtasida Xo‘ja Ilg‘or deb atalgan Xo‘ja Muhammad ibn al-Qosim maqbarasi poyida esa Chillabuloq nomli chashma bo‘lib, undan teridagi turli kasalliklar va yaralarni davolashda foydalaniladi.

 Bundan tashqari, Sohibqiron yoshlik yillarini aks ettiruvchi muzey tashkil etildi. Xo‘jailg‘or qabristoni hududida qoldiqlari topilgan masjid tiklanadi.

 - Xalq sayli ko‘rinishida ilk bor o‘tkazilayotgan bugungi tadbir xalqimiz kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Endi bunday sayillar har yili an’anaviy ravishda o‘tkaziladi, - dedi viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev. – Majmua esa yil davomida ochiq bo‘ladi. Umuman, viloyatdagi Amir Temur bilan bog‘liq barcha manzilgohlar yanada rivojlantiriladi, ularga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha ishlar kuchaytiriladi.

 Tadbir doirasida taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

 Shuningdek, Amir Temur ruhini xotirlab, qur’on tilovat qilindi va ehson oshi tarqatildi.

 N.XO‘JAYEV

Page 1 of 2

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 207 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family