wrapper

Ta’lim

Ta’lim (26)

Shuni ham o'rgating, muallim...

Yoxud o'qituvchi haqida o'qiganlarimiz
Muallim, ma'rifat, ma'naviyat, mutolaa... Bu so'zlar mudom uyg'unlikda jaranglaydi.
Quyida o'qituvchilarga ehtiromning badiiyatdagi talqini xususida ozroq so'z yuritishga jazm etdik.                
    
Qalblarga solingan ko'prik
 Turkiy xalqlar adabiyotida mashhur qirg'iz adibi Chingiz Aytmatovning nomi alohida o'ringa ega. Bu yil tavalludining 90 yilligi keng nishonlanayotgan sevimli adibimizning asarlari orasida "Birinchi muallim" qissasi ayniqsa, mashhur. Asardagi o'qituvchi Duyshen obrazi pokiza qalb egasi, metin irodali,  mardonavor kurashchi, qalbini bolalarga baxshida etgan inson sifatida tasvirlangan.
Mana bu satrlarga bir e'tibor bering: "Ko'prik solishga yog'och topish uchun Duyshen har qancha harakat qilsa ham bo'lmadi. Bir kuni maktabdan qaytayotganimizda, bolalarni ariqdan o'tkazib qo'ydik-da, Duyshen ikkalamiz ariq bo'yida qoldik. Suv kechishdan qutulish uchun tosh va chimdan hatlamchi yasamoqchi bo'ldik. Rostini aytganda, ovuldagilarning o'zlari insof qilishsa, shu erga ikkita-uchta taxta olib kelib tashlashsa, ko'prik ham bitardi-qo'yardi, lekin u zamonlarda o'qishning ma'nosiga aqli etmagan xaloyiq,  Duyshenni anchayin bekorchi afandi deb bilishardi. Chidasang o'qit, bizni tinch qo'y, deganday ot kechgan erga ko'prik solib o'rganmagan odamlar, bizning mushkulimizni oson qilish etti uxlab tushlariga ham kelmabdi-ya! Lekin ular tanalariga bir o'ylab ko'rishsa bo'lardi: nima uchun boshqalardan ortiq bo'lsa borki, lekin kam eri bo'lmagan, aqli hushi joyida bu navqiron yigitning shuncha azob-uqubat, xo'rliklariga qaramay, tirishib-tirmashib ularning bolalarini o'qitib, qo'lidan kelganicha ularga ilm berayotganining vaji nima edi? Biz o'sha kuni ariqqa hatlamchi solayotganimizda birinchi qor tushgan edi. Suyak-suyaklardan o'tib oyoq-qo'lni qaqshatgan muzdek suvda Duyshenning oyoqyalang bo'lib olib, katta-katta xarsang toshlarni ko'tarib yurganiga hali-hali aqlim etmaydi…"
Duyshen yax kechib solgan ko'prik aslida ariqqa emas, bolalarning qalbiga tomon solingan edi. Adib bu obraz orqali oddiy xalq ziyolisi - o'qituvchining betakror ichki dunyosini mahorat bilan ochib bergan.
Qashqirlarni qo'rqitgan daftarlar
Xorazmda Matnazar Abdulhakim   degan shoir yashab o'tdi. Uning "Javzo tashrifi" nomli she'rlar to'plamida "Darsdan so'ng" degan go'zal she'r bor.
Ma'nosi shunday: chekka ovuldagi maktabda muallimalik qilayotgan ayol har kuni qir osha maktabga qatnaydi. Kunlarning birida muallima uy vazifasini topshirmagan etti o'quvchini qattiq koyidi. So'ngra bir quchoq daftarni olib, uyiga qaytmoqchi bo'ldi. Hamkasblaridan biri qoling deb qistasa ham, uyiga alag'da bo'lib yo'lga otlandi va yarim yo'lda qashqir ta'qib qilayotganini payqadi. Muallima jondorning olovdan qo'rqishini bilar, bitta-bitta daftarlarni yoqib, yo'lida davom etaverdi. Ovulga etishiga ozgina qolganda  qo'ltiqda daftar, qashqirda sabr tugadi...
Balki yana olti-etti daftar bo'lganida  muallima uyiga eson-omon etib olarmidi? Ammo mudhish voqea  sodir bo'ldi. Muallimaning azasida huv o'sha daftar topshirmagan etti o'quvchi hammadan yomon yig'ladi.
Biroq she'r  bu bilan tugamaydi.
No'noq nazmim uchun afv et, xalqim,
Na olim, na fozil, na so'z piriman.
O'z vaqtida daftar topshira olmay
Qolgan bolalarning biriman.
Men mashq bajaraman, yozaman har kun
Daraklar, so'roqlar, xitoblarimni.
...Sen yo'l bo'yi yoqib, tashlab ketaver
Qashqirlar qo'rquvchi kitoblarimni.
Yana bir gap.  Shoirning she'ri sabab Qoraqalpog'istonning Ellikqal'a tumani Bo'ston shaharchasida "Ustozga ehtirom" monumenti bunyod etilgan…
"Nega mening bolamga muallim bo'lasan, dedingiz?"
   Adib Luqmon Bo'rixonni  nasr ixlosmandlari yaxshi tanishadi. Uning qalamiga mansub "Sirli muallim" qissasidagi  voqealar  ovloq  qo'rg'onda qurilgan maktabda bo'lib o'tadi.
Maktab direktori Qalqonov o'zining tushuntirish xatida shunday yozadi: "Shu voqeadan so'ng biror hafta o'tar-o'tmas Zokirning onasi Mohigul, huv, Safarmurod chavandozning qizi maktabga   bostirib keldi:
"O'v, o'rtoq Qalqonip, nega mening bolamga muallim bo'lasan, dedingiz?  O'g'lim bechora necha kundan beri qahshab yig'lab yuribdi".
 Men hangu mang qotib qolgan  edim. Tilim arang kalimaga aylandi.
"Nega yig'laydi?! Nima, yomon tilak bildiribmanmi?"
"Jo'ralari ustidan kulib yurishibdi ekan. Nega unday dedingiz? Bolam kimdan kam, nega u muallim bo'lar ekan?!"
Men jo'yali bir javob topgunimcha Mohigul qarg'ana-qarg'ana xonamdan chiqib ketdi".
Keyin esa maktabga baland bo'yli, kelishgan, yap-yangi, qimmatbaho kostyum-shim, oppoq ko'ylak kiygan, yuz-ko'zlaridan allanechuk nur yog'ilgan yigit "Neksiya"da keladi. Bu  yigit fidoyi muallim   Najot G'aybulla edi...
Voqealar rivoji sizni ham qiziqtirsa, albatta, shu kitobni topib o'qing.  Afsus qilmaysiz...
Qishloqdagi eng zo'r odam
Endi muallimning martabasi   raisdan ham zo'r bo'lgan davrlardan ham bir gurung aytay...
Husan muallimning nafaqa to'yida mahalla oqsoqoli Do'styor rais shunday deb qoldi:
- Bolaligimda ota-onamning arzandasi, erkatoy edim.  Rostini aytsam, o'qishga ham unchalik hushim yo'q, darsga ham xohlasam borar, xohlamasam bormasdim. Kunlarning birida uyimizga Husan muallim kelib, otamga dabdurustdan do'q urdi:
- Ertadan boshlab o'g'lingiz maktabga bormasdan, dars qoldiradigan bo'lsa, sizni ishdan haydataman, - dedi-da, ortiga qaytib ketdi.
Nazarimda qishloqdagi eng zo'r odam deb  yurganim otam, mulzam bo'lgancha muallimni kuzatib qo'ygach:
 - Endi nima qilamiz, Do'styorboy? - deb menga savol berdi.
Men  enamga iltijoli qaradim.
Enam esa bamaylixotir dedi:
- Husan muallim aytganini qiladigan odam, hatto kolxoz raisi ham u kishidan hayqadi.
Otam indamay bosh irg'adi.
O'sha kundan boshlab  mening bolalik kunlarimda keskin burilish bo'ldi. Azonda turib yuz-qo'limni yuvdim, choy ichdim va sumkamni olib maktabga jo'nadim. Kunlar o'tishi bilan o'qishimda ham sezilarli o'zgarishlar bo'ldi, yil oxiriga borib  ilg'or o'quvchilar qatoriga o'tdim.
 Mening nazarimda qishloqdagi eng zo'r odam Husan muallim bo'lib qolaverdi. Agar Husan muallim bo'lmaganida sizning qarshingizda turgan kamina, oliy ma'lumotli agronom, xo'jalik raisi,  mahalla oqsoqoli ham bo'lmasdi! 
Biz ko'nikkan javoblar va...
Mehr nuri yog'ar doim yuzingizdan, ustozlar,
Yursam deyman bu tabarruk izingizdan, ustozlar...
Ha, xonanda Sanobar Rahmonova ijrosidagi  shoir Po'lat Mo'min qalamiga mansub "Ustozlar" degan ashulaning shinavandalar tiliga tushganiga ham ancha yillar bo'ldi. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning  muallimlarga atalgan, "Muallim haqida so'zim ushbudir: muallim kamolot ichra ko'zgudir" degan betakror bitiklarining esa bayramlaru tadbirlarda bot-bot yangrashini     aytmaysizmi?!
Bugun muallimning martabasi yana yuksalmoqda. Yurtimizda pedagog xodimlarning qadr-qimmati va nufuzini oshirish, ularning moddiy-ma'naviy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida ulug'vor ishlar amalga oshirilmoqda. Tez orada bolalarimiz "Kim bo'lmoqchisan?" degan savolga biz ko'nikkan "Prokuror", "Moliyachi", "Bankir", "Harbiy"… degan javoblardan ham ko'proq "Muallim!" deya javob beradilar, albatta. Va bu javob o'zgacha g'urur va iftixor bilan jaranglaydi.
...Endi navbat o'zimizga keldi chog'i. Kamina ham qatordan qolmay muallimlarga deb,  bir nimalar qoralagandim:
...Uchrashib qolgudek bo'lsak mabodo
So'roqqa tutasiz:
 "Xo'sh, ishlar qalay?"
Goh "yaxshi" deymizu  goh shu asnoda,
Dovdirab qolamiz, misli bolakay.
"Hayot - toshqin daryo, suzmoq bo'lsang gar,
Izlanmoq kerak", deb bergansiz ta'lim.
Ilk bor imlo yozib, o'rgatgan misol,
Shuni ham o'rgating, aziz muallim!
O'rolboy  QOBIL
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida


Batafsil

Qarshi davlat universitetida turkmanistonlik yoshlar tahsil olmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashrifi 2017-yil 6-7 mart kunlari Turkmanistonga bo'lgan edi.

Mazkur tarixiy tashrif O'zbekiston tashqi siyosatida yaxshi qo'shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganining yorqin dalili, davlatimiz rahbarining qo'shni mamlakatlar bilan do'stlik va hamkorlikni mustahkamlashga, ikki davlat yoshlarining ta'lim-tarbiyasi masalalarini mustahkamlanishiga zamin yaratdi.

Joriy yilning 25-27 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida O'zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan “O'zbekiston yoshlari – yangi zamon bunyodkorlari!” shiori ostida o'tkazilgan yoshlar festivali doirasida Qarshi davlat universitetida “O'zbek-turkman do'stligi abadiydir!” nomli uchrashuv va ikki millat vakillarining milliy ko'rgazmalari tashkil etildi.

Tadbirda so'z olganlar Yurtboshimizning ilk xorijiy tashrifi ham Turkmaniston Respublikasiga bo'lishi bejiz emasligi, bugungi kunda ikki qardosh xalqlar o'rtasidagi mustahkam do'stlik aloqalariga to'xtalar ekan, o'zbek va turkman xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgani, xalqlarimizni yagona tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar, o'xshash til va urf-odatlar birlashtirib turishini alohida ta'kidladilar.
- Universitetimizda bugungi kunda 64 nafar Turkmaniston Respublikasi fuqarolari tahsil oladi, - deydi universitetning ilmiy ishlar va innovasiyalar bo'yicha prorektori N.Xolmirzaev. – Turkmanistonlik talaba-yoshlar oliy ma'lumotga ega bo'lganlaridan keyin o'z yurtlari ravnaqi yo'lida xizmat qilishlari va ikki davlatning do'stlik, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkam bog'lashda o'z hissalarini qo'shishlari uchun ta'lim tarbiyaga oid barcha zaruriy sharoitlarni yaratib bermoqdamiz.
Tadbir davomida turkman va o'zbek yoshlari turkman-o'zbek she'rlari, qo'shiq va raqslari, milliy libos va milliy taomlar namoyishlari ham yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Ahror Sodiqov.

Batafsil

“Yosh kitobxon” tanlovi

Eng ko'p ariza topshirilgan viloyatda

eng sara kitobxonlar aniqlandi

O'zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan o'tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi. Unda tanlovning saralash va mahalliy bosqichlarida yuqori natijalarni qo'lga kiritgan uch yosh toifasidagi kitobxonlar ishtirok etishdi.

Viloyat teleradiokompaniyasi studiyasida tashkil etilgan tanlovning viloyat bosqichi ishtirokchilari nizom asosida “Buyuk mutafakkir va adib” va “Badiiy asarlar bilimdoni” shartlari bo'yicha bellashishdi.

– Tanlovga respublika bo'yicha viloyatimizdan eng ko'p ariza kelib tushgani juda quvonarli bo'ldi, - deydi O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bo'lim mudiri Feruza Abdurahmonova. – Ishtirokchilar orasida 10 yoshdan 14 yoshgacha bo'lganlar 45 520 nafarni, 15 yoshdan 19 yoshgacha bo'lganlar 35 754 nafarni, 20 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar 11 415 nafarni tashkil etdi.

Malakali hakamlar hay'atining yakuniy xulosalariga ko'ra, 10-14 yosh toifasida Hurriyat Norqobilova (Chiroqchi tumani), 15-19 yosh toifasida Sarvar Komiljonov (Shahrisabz shahri) hamda 20-30 yosh toifasida  Surayyo Shodieva (Qarshi shahri) g'olib deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish yo'llanmasini qo'lga kiritishdi.

G'oliblarga O'zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan noutbuk, 2- va 3-o'rin egalariga zamonaviy planshet, shuningdek, tanlovning barcha ishtirokchilariga kitoblar jamlanmasi, diplom va sertifikatlar topshirildi.

A.QOBILOV

Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

 

Batafsil

“O'qituvchi” nashriyoti xodimlari ilk bor Chiroqchi tumanida kitoblar taqdimotini o'tkazishdi

“O'qituvchi” nashriyoti xodimlari ilk bor Chiroqchi tumanida kitoblar taqdimotini o'tkazishdi

 

Chiroqchi, O'zbekiston – 11-12 noyabr kunlari O'zbekiston Matbuot va axborot agentligining "O'qituvchi" NMIU xodimlari Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ilk bor kitoblar taqdimotini o'tkazishdi.

Kitobxonlik kunlari davomida tuman yoshlari “O'qituvchi” NMIUda chiqarilayotgan o'zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlari bilan tanishtirildi.

Tumandagi 121-maktab o'quvchi-yoshlariga nashriyot xodimlari tomonidan har bir kitob va muallif haqida ma'lumot berildi. Uchrashuvlar davomida “Eng ko'p kitob o'qigan o'quvchi” tanlovi o'tkazilib, g'oliblarga “O'qituvchi” nashriyotida chiqarilgan kitoblar sovg'a qilindi.

Shuningdek, kitobxonlarga 20 xildan ortiq kitoblar tarqatildi. Ular orasida Paulo Koeloning “Alkimyogar”, Ernest Hemingueyning “Chol va dengiz”, O'tkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar”, “Dunyoning ishlari”, Teodor Drayzerning “Amerika fojiasi” kabi kitoblar bor.

Chiroqchilik o'qituvchilar “O'qituvchi” nashriyoti xodimlariga chekka qishloqlarda ham tez-tez kitob taqdimotlarini uyushtirib turishlarini taklif qilishdi.

 

                                                                                                Turon24.uz ma'lumotlari asosida

 

Batafsil

TADBIRKOR AVVAL MAKTAB, ENDI ESA XUSUSIY BOG'ChA TAShKIL ETDI

Muborak tumani markazida “Jozibali ovoz” nomli xususiy san'at maktabi bor. U 2007 yilda tashkil etilgan, ayni vaqtda faoliyat boshlaganiga 10 yildan oshdi. E'tiborga molik tomoni, mazkur maktab ta'sischilari nafaqat viloyatimizda, balki respublikada birinchilardan bo'lib ta'lim tizimiga xususiy sektor vakili sifatida kirib kelishgan edi. Bugun ular boshlagan ish har tomonlama o'zini oqladi, faoliyat esa tobora kengayib bormoqda.
- O'n yil oldin bunday muassasa uchun lisenziya olish juda murakkab ish edi, - deydi maktab direktori Yuliana Torosova. - Bu bizga juda qiyin bo'lgan, lekin oila a'zolarim bilan birgalikda tanlagan yo'limizning to'g'ri ekaniga, albatta, uni amalga oshirishga ishonib harakat qilganmiz. Faoliyat boshlash uchun kerakli ruxsatnomani qo'lga kiritganimizdan so'ng ham juda qattiq ishlashga to'g'ri keldi. Sababi, san'at maktabimiz shunchaki o'quv markazi emas, balki maktabdan tashqari san'at ta'lim muassasasi hisoblanadi. Shu bois to'liq davlat ta'lim talablari asosida faoliyat yuritamiz. Oldimizga qo'yilgan barcha talablar, misol uchun, davlat tasarrufidagi bolalar musiqa va san'at maktablariniki bilan bir xil. Farqli tomoni, biz xususiymiz, o'zimiz uchun o'zimiz harakat qilamiz, qachonki astoydil ishlasak, o'quvchilarimiz yuqori natijalarni qo'lga kiritaversa, ota-onalarning ishonchini qozona olsak, bir co'z bilan aytganda, raqobat maydonida o'zimizni ko'rsata olsakkina yanada rivojlanishimiz, aksincha holatda esa faoliyatni to'xtatishga to'g'ri kelishini yaxshi bilamiz.
Darhaqiqat, aniq maqsad sari qilingan dadil harakat o'z mevasini berdi. Tez orada san'at maktabining nomi tilga tusha boshladi. Bu dargohga farzandini etaklab keluvchilar soni ko'paydi. Dastlab 10-15 nafar bola bilan faoliyat boshlagan muassasaning o'quvchilari soni bugungi kunda 100 nafardan oshib ketgan. Ayni paytda maktabda fortepyano, rubob, dutor, doira, xoreografiya, milliy estrada yo'nalishlari mavjud. Maktab o'quvchilari orasida madaniyat va san'at bo'yicha o'tkazilgan turli tanlovlarda yuqori o'rinlarni qo'lga kiritgan iste'dodli bolalar, bu dargohni bitirib sohada o'z o'rniga ega bo'lgan etuk mutaxassislar, ta'limni keyingi bosqichlarda davom ettirayotgan yoshlar ko'pchilikni tashkil etadi.
- Tegishli nizomga ko'ra, san'at maktabimizga o'quvchilarni 6-7 yoshdan boshlab qabul qilamiz, - deydi Yuliana Torosova. – Ammo 4-5 yoshli, ba'zida undan ham kichik yoshdagi bolalar ichida ham alohida raqsga, musiqaga yoki boshqa bir sohaga bo'lgan qobiliyatini ko'rsata boshlaydiganlari ko'p. Albatta, ota-ona farzandining qobiliyatini yanada rivojlantirishni istaydi. Uni maktabimizga olib kelib, musiqa yoki raqs bilan shug'ullantirishimizni so'rashadi. Biz esa yoshi etmagan bolalarni qabul qila olmasligimiz, bu mumkin emasligini tushuntiramiz. Tabiiyki, ular bizdan xafa bo'lib ketishadi, biz ham yordam bera olmaganimizdan afsuslanamiz. Xullas, ana shunday holatning juda ko'p takrorlanaverishi, qolaversa, Prezidentimiz tomonidan maktabgacha ta'lim tizimiga xususiy sektorni jalb etishga qaratilayotgan yuksak e'tibor bizni yana bir ta'lim va tarbiya muassasasi – xususiy bog'cha tashkil etishga undadi.
Xususiy ta'lim tizimida anchagina tajriba orttirgan jamoa uchun bog'cha faoliyatini samarali yo'lga qo'yish katta qiyinchilik tug'dirmadi. Joriy yilning ikkinchi yarmidan boshlab maktab qoshida “Jozibali ovoz teremok” nomli xususiy bog'cha ham ish boshladi. Bog'cha to'liq rus tilida faoliyat yuritadi. Shuningdek, bolalarning yoshiga qarab ingliz tili, matematika, musiqa, mantiq, atrofimizdagi olam to'garaklari tashkil etilgan. Ayni paytda, muassasada kichik, o'rta va tayyorlov guruhlarida 75 nafar bolajonlar ta'lim va tarbiya olishmoqda. 15 nafar o'qituvchi va tarbiyachi faoliyatga jalb etilgan.
Bu tadbirkor boshlagan ishning hammasi emas. Yuliana Torosovaning ta'kidlashicha, bog'chaga farzandini olib keluvchilar soni juda ko'p. Lekin ularni qabul qilish uchun joy etmaydi. Shundoq ham tayyorlov guruhidagi tarbiyalanuvchilar faqat yarim kun kelishmoqda. Agar yana bitta qo'shimcha bino bo'lsa, maktabga tayyorlov guruhini alohida ajratib, tarbiyalanuvchilar sonini ko'paytirish, qo'shimcha ish o'rinlarini yaratish mumkin. E'tiborli tomoni, u xuddi shu reja bilan tuman hokimligiga murojaat etgan edi, bu reja to'liq qo'llab-quvvatlanib, hududdagi bo'sh turgan ko'p qavatli bino unga nol xarid qiymatida berildi. Hozirda binoda qurilish, ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. U tayyor bo'lishi bilan tadbirkorning xususiy ta'lim tizimidagi faoliyati yanada kengayadi.
Jahongir BOYMURODOV
Suratlarda: “Jozibali ovoz teremok” xususiy maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatidan lavhalar.
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Xalq ta'limi vazirligi tizimida tarkibiy o'zgarishlar yuz beradi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan vazirlik vazifalari qayta ko'rib chiqilib, unga bir qator yangi  funksiyalar yuklatildi, tizimda ko'plab tarkibiy islohotlar amalga oshirilishi belgilab berildi.
Jumladan, qaror bilan oliy ta'lim muassasalari huzuridagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo'yicha hududiy markazlar hamda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg'armasi 2018 yilning 1 noyabrdan boshlab Xalq ta'limi vazirligi tasarrufiga o'tkaziladi.
Aytish joizki, xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo'yicha hududiy markazlar endilikda pedagog xodimlarning malakasini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratiladigan mustaqil muassasalar sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, Respublika maqsadli kitob jamg'armasining Xalq ta'limi vazirligi tizimiga o'tkazilishi ham bundan buyog'iga maktablarni o'quv-metodik adabiyotlar bilan ta'minlashga doir barcha masalalarni vazirlikning o'zi mustaqil hal etishini anglatadi.

Batafsil

Imlo lug'atining to'g'ri va noto'g'risi bo'lishi mumkinmi?

Tilga e'tibor – elga e'tibor. Ushbu haqiqatni buyuk ajdodlarimiz teran anglashgan.
Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarida keltirilishicha, buyuk jahongir Amir Temur davlat hujjatlarining turkiy tilda yuritilishiga alohida e'tibor bergan.

Alisher Navoiy esa o'zi yashagan davr O'rta Osiyo xalqlarining mushtarak adabiy tili sifatida ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotda va badiiy adabiyotda keng o'rin egallab kelgan forsiy tilni, musulmon olamining asosiy rasmiy tili bo'lgan arab tili ulug'ligini e'tirof etib, ya'ni fors tilida o'lmas asarlar yozib, arab tilini “ruhni yayratuvchi bog'” deb ko'kka ko'tarib, ularning mavqeiga daxl qilmagan holda, ilk marotaba o'zbek tilining boshqa tillardan qolishmaydigan jozibasini o'zi yaratgan nodir asarlar misolida isbotlab berdi. Eng yirik asari “Hamsa”ni turkiy tilda yaratdi, Bobur ta'kidlaganidek, bu tilda “ko'p va xo'b” ijod qildi. O'zbek tilining adabiy til darajasiga ko'tarilishida muhim rol o'ynadi. Natijada ijodkorlar orasida turkigo'ylar ko'paydi.
 Bobur fiqhga doir yirik asari “Mubayyin”ni, aruzga doir “Mufassal” asarini o'z davri an'analariga xilof ravishda  arab tilida emas turkiy tilda bitishga, hatto turkiy yozuv – “Xatti Boburiy”ni yaratishga qo'l urdi.
Birinchi o'zbek professori, shoir, yozuvchi va jurnalist, siyosat arbobi Abdurauf Fitrat o'tgan asr boshlariga kelib ona tilimizga ilk marotaba rasmiy maqom berish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
O'zbek tili ravnaqi yo'lida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilar ekanmiz, bu o'rinda O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xizmatlarini alohida e'tirof etish joiz. Uning bevosita rahnamoligi va tashabbusi bilan o'zbek tili o'z tarixida ilk marotaba rasmiy til maqomiga ega bo'ldi, jahon hamjamiyatida tan olindi, iste'mol doirasi keskin kengaydi. 1989 yil. Hali mustabid tuzum to'la emirilmagan, Konstitusiyasida barcha elat, xalq, millatlar va ularning tillari teng huquqli ekanligi ta'kidlangan bo'lsa-da, barcha sohalarda ish yuritish yagona rus tilida olib boriladigan, aholi rus tilini bilish-bilmasligiga ko'ra ziyoli va qoloq guruhlarga ajratiladigan, har bir puxta o'ylanmagan harakat milliy nizolarni kuchaytirib yuborishi ravshan bo'lib turgan qaltis bir vaziyatda o'ta nozik masala – o'zbek tiliga rasmiy til maqomini berish masalasini kun tartibiga qo'yish, haqiqatan ham kishidan katta jur'at talab qilardi. O'zbek ziyolilarining sa'y-harakatlari va I.Karimov tashabbusi bilan 1989 yil 21 oktyabrda o'zbek tili O'zbekistonning davlat tili sifatida rasman e'lon qilindi.
Bosh qomusimizning 4-moddasida “O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tilidir” deya qayd etildi. va u qonun bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi. Biroq...
Davlat tili haqidagi qonun 7-moddasida “Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o'zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi”, deb qat'iy belgilab qo'yilgan bo'lsa-da, afsuski, hali-hanuz peshlavhalar, yo'l chetidagi reklama, e'lon matnlari, tovar yorliqlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, hatto matbuotda imloviy xatoliklar ko'payib   borayotir.
Joriy imlo qoidalarimiz va u asosida yaratilgan lug'atlar nochor ahvolda. Tez-tez “Qaysi imlo lug'ati to'g'ri?” degan savolga duch kelayapmiz. Imlo lug'ati bo'lsayu, to'g'ri noto'g'risi bo'lsa...
Adabiy tilga shahar shevalarining ta'siri kuchayib bormoqda.
Davlat tili haqida qonun 22-moddasida “Respublikaning ma'muriy-hududiy birliklari, maydonlari, ko'chalar va geografik ob'ektlarining nomlari davlat tilida aks ettiriladi”, deb yozib qo'yilganiga qaramay, hamon turli katta-kichik, davlat, nodavlat, xususiy ob'ektlar, hatto o'z farzandini nomlashda o'zlashma so'zlardan foydalanishga urinish kuchayib bormoqda. Shahar ko'chalari bo'ylab yursangiz, o'zbekcha nomni kam uchratasiz, o'zingizni boshqa davlatda yurgandek his etasiz.
Bugun chetdan axborot kirib kelishi uchun makon va zamonda chegara qolmagani kabi so'z o'zlashtirishda ham chegara qolmadi. Katta oqim bilan kirib kelayotgan so'zlarni hatto imlosini belgilamay, joriy alifboga o'zlashtirmay qabul qilayapmiz. Bilayn, yusel, yutub, skrinshot kabi so'zlar “o'zimizniki” bo'lib qoldi.
 Bugun o'zbek farzandlari jahon chempioni, xalqaro olimpiada, tanlovlar, davlat mukofoti sohiblari bo'layapti. Biroq dunyo ham, davlat ham tan olgan shunday lahzada so'z berilganda ularning aksariyati hayajonini engib, o'z ichki kechinmalarini nutqida chiroyli ifodalab bera olmaydi.
Holbuki, millatning jahonda mavjud bo'lishi uchun milliy til kerak, tilning rivojlanishi, taraqqiy etishi, yashab qolishi uchun uni qadrlaydigan millat kerak. Demak, oldimizdagi eng asosiy vazifa - ona tilimizning boy imkoniyatlaridan to'la foydalanish, dunyo bo'ylab tez-tez jaranglab turishi uchun unda o'lmas asarlar yaratishdir.
   “Davlat tili haqida”gi Qonun – siyosiy hujjat. Unda qonun buzilishlari bilan bog'liq jazo choralari ko'rsatilmagan. Unga itoat qilish tashviqot-targ'ibot, ta'lim-tarbiya yo'li bilan ta'minlanadi. Qolaversa, tilni hurmat qilish – har bir insonning vijdoniy burchi.
Bashorat BAHRIDDINOVA,
Qarshi davlat universiteti o'zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Qishloqdagi bog'chada raqs to'garagi ochishmoqchi

Ma'lumotlarga qaraganda, o'tgan yilgacha G'uzor tumanida faoliyat ko'rsatib kelgan maktabgacha ta'lim muassasalari soni 30 taga ham etmagan. 25 ta atrofida davlat bog'chasi ishlab turgan, xolos.

Albatta, bu ko'rsatkich real ehtiyojga sira mos kelmaydi, maktabgacha yoshdagi bolalarni to'liqroq qamrab olish imkonini bermaydi. Mamlakatimizda ta'limning ushbu tizimida keng qamrovli islohotlar boshlangani esa mazkur hudud uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi. Avvalo, maktabgacha ta'lim sohasida xususiy sektor ishtiroki faol qo'llab-quvvatlanishi natijasida tumanda ham nodavlat bog'chalar soni ko'paydi. Shu bilan birga, o'sib kelayotgan yosh avlodga malakali tarbiya va ta'lim berish sifati oshishiga ham keng zamin hozirlandi.
E'tiborlisi, tumanda qisqa fursat ichida 10 ga yaqin xususiy maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etildi. Ularning mavjud talablar asosida to'laqonli faoliyat ko'rsatishiga barcha sharoit hozirlangan. Yangi Hayot mahallasi hududida ochilgan “Bilimdon kichkintoylar” deb nomlangan yasli ham o'z ishini shu yil bahorda boshlagandi. 50 o'ringa mo'ljallab qurilgan bog'chada hozir bo'sh joy topish amri mahol.

- Birinchi navbatda bundan mahallamizdagi ota-onalar xursand bo'lishdi, - deydi bog'cha mudirasi Yulduz Zaripova. – Chunki hududda shu paytgacha birorta ham maktabgacha ta'lim muassasasi yo'q edi. Bog'chamizdagi sharoitlar ularga ma'qul bo'lmoqda. Muassasamiz zamonaviy ko'rinishga ega, barcha zarur inventarlar bilan jihozlangan. Bolalar 2 nafar tarbiyachi va yana shuncha enaga qo'lida tarbiyalanayapti. Bog'chamiz asosan rus tilini chuqur o'rgatishga ixtisoslashgan. Muloqot jarayonida ingliz tilidan ham faol foydalaniladi.
Mudiraning bildirishicha, muassasa qoshida bir qancha amaliy to'garaklar ishlab turibdi. Yana qizlar uchun raqs va badiiy gimnastika to'garagini ochish maqsad qilingan. Buning uchun malakali mutaxassislar jalb qilinadi.
Mirzohid JO'RAYEV
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Bog'cha xodimlariga pensiya to'liq beriladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 30 sentyabrda qabul qilingan “Maktabgacha ta'lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi negizida axborot va pedagogika texnologiyalari innovasion markazi, ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish instituti, infratuzilmani rivojlantirish bo'yicha injiniring kompaniyasi, Maktabgacha ta'limni rivojlantirish jamg'armasi tashkil etiladigan bo'ldi.
  O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligining tashkiliy tuzilmasi va vazirlik markaziy apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. Unga ko'ra, vazirlik tizimi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 2 324 nafar, shu jumladan, Vazirlik markaziy apparati xodimlari 138 nafar, shuningdek, metodistlar 471 nafar etib belgilandi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, viloyat va Toshkent shahar maktabgacha ta'lim boshqarmalari, maktabgacha ta'lim tuman (shahar) bo'limlari rahbarlari O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vaziri tomonidan joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
  2019 yil 1 yanvardan maktabgacha ta'lim tizimining pensiya yoshidagi xodimlariga, ularning maktabgacha ta'lim tizimi muassasalaridagi faoliyati asosiy ish joyi bo'lgan taqdirda pensiya to'liq miqdorda to'lanadi.
  Shuningdek, qaror bilan 2018-2019 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirishning qo'shimcha chora-tadbirlari dasturi  tasdiqlandi.
Qishloq joylarda qurilayotgan ko'p qavatli turar joy uylarining birinchi qavatlarida yoki alohida bino ko'rinishida kamida ellik o'rinli maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etiladi.
Davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish, ularga tegishli er uchastkalari va ko'chmas mulkni olib qo'yish faqat maktabgacha ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
  2019 yil 1 yanvardan maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan bolalar uchun jismoniy shaxs shaxsiy identifikasiya raqamini berish bo'yicha xizmatni joriy etiladi.

Batafsil

USTOZIMGA TABRIK

  Men Kitob tumanidagi 4-sonli umumta'lim maktabida tahsil olganman. Erishgan barcha muvaffaqiyatlarim uchun ustozlarimdan qarzdorman. O'tgan ustozlarimning oxirati obod bo'lsin! Bugungi kunda nafaqadagi ustozlarimga mustahkam sog'liq tilayman!

          Ma'rifat fidoyilariga ehtirom ko'rsatish, ularni e'zozlash har birimizning burchimiz.

           Aziz muallimlar! Kasb bayramingiz muborak bo'lsin!

Zafar Ruziev, Qashqadaryo viloyati hokimi

Batafsil

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 167 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family