wrapper

Maxsus imkoniyatlar
Jamiyat

Jamiyat (86)

Xo'ja Ilg'orda Amir Temur tavalludining 682 yilligiga bag'ishlangan tadbir milliy va jahon OAVlari nigohida.

9 aprel kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumanidagi Xo'ja Ilg'or qishlog'ida sohibqiron Amir Temurning 682 yilligiga bag'ishlangan «Xo'ja Ilg'or: qayta kashf qilingan tarix — yangi sayyohlik yo'nalishi» mavzusida katta tadbir va tanatanalar bo'lib o'tdi.

Batafsil

Viloyatda yana 7 ta kichik sanoat zonasi barpo etiladi

    Bu haqda Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi "Qashqadaryo viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi. Ushbu hujjat vohamizdagi davlat mulki bo‘lgan va davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning ishlab chiqarish maydonlari va obyektlaridan samarali foydalanish, investitsiyalarni faol jalb qilish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi.

Shuningdek, bundan raqobatbardosh zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari va kichik korxonalarni rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularni muhandislik-kommunikatsiya va zarur infratuzilma tashkil etilgan alohida hududlarda joylashtirishni ta’minlash va shu asosda yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholining bandlik va farovonlik darajasini oshirish ko‘zlangan.

Qarorga muvofiq, viloyatimizdagi davlat mulki bo‘lgan va davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarining foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obyektlari negizida 7 ta hududda kichik sanoat zonasini barpo etish belgilandi. Mazkur ro‘yxatdan Qarshi (tuman "Agroservis MTP" MCHJning bino va inshootlari), Qamashi ("Qamashi paxta tozalash" AJning qurilishi tugallanmagan ip-yigiruv fabrikasi binosi), Kitob (tuman "Agroservis MTP" MCHJga qarashli bino va inshootlarning bir qismi), Muborak ("Muborak tuman savdo" MCHJ omborxona bino va inshootlari, “Muborak ishchi ta’minot” MCHJning ma’muriy va omborxona binolari), Chiroqchi ("Qashqadaryodonmahsulotlari" AJning "Ayritom don qabul qilish" maskani bino va inshootlari, “Chiroqchi paxta tozalash” AJ ga qarashli hududning bir qismi, tuman hokimligi tasarrufidagi ishlab chiqarish maydoni) tumanlari, Qarshi (shahar obodonlashtirish boshqarmasi balansidagi "Savdo bazasi" bino va inshootlari) hamda Shahrisabz (shahar hokimligi balansidagi "Guliston" MMTP bino va inshootlari) shaharlari o‘rin olgan. Tashkil etilajak kichik sanoat zonalarining jami maydoni 29,8 gektardan iborat bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, qarorda foydalanilmayotgan tegishli ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki obyektlarini belgilangan tartibda viloyat hokimligiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. O‘z navbatida  kichik sanoat zonasi hududidagi davlat ko‘chmas mulki tadbirkorlik subyektlariga keyinchalik mulk huquqi berilgan holda 10 yillik uzoq muddatga ijara asosida taqdim etilmoqda. Buning uchun ishbilarmonlar biznes-rejalarni bajarish, ish o‘rinlarini yaratish va saqlash, barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash shartini o‘z zimmasiga oladi. Hududdagi ko‘chmas davlat mulkidan ijara davrida foydalanish uchun ortib boradigan koeffitsiyentni qo‘llamasdan ijara to‘lovining eng kam stavkasi belgilanadi. Bunda ijaraga berilgan maydonda amalga oshirilayotgan faoliyat turi hisobga olinadi.

Batafsil

Xasta ko‘ngillar quvonchga to‘ldi

    Xalqimiz sevib nishonlaydigan Navro‘z o‘z navbatida mehr-oqibat ayyomi hamdir. Yurtimizda bu bayram kunlari ehtiyojmand oilalarga ko‘mak ko‘rsatiladi, keksalar holidan xabar olinadi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘ksik qalblarga mehr, quvonch ulashiladi.

Ushbu ana’anaga sodiq qolgan holda bu gal ham viloyatimizda yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Ota-onasidan bevaqt ayrilgan, hozirda yaqin qarindoshlari vasiyligiga olingan va viloyatimizning barcha hududlarida yashayotgan 150 nafar bolaning Navro‘zni esda qolarli, shodon o‘tkazishiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda ular uchun ko‘hna Keshga ko‘ngilochar sayohat uyushtirildi. Mazkur tadbir viloyat hokimligi tashabbusi bilan qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Safar oldidan Qarshi temir yo‘l vokzalida bolajonlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bundan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda har bir yosh avlod kamoliga davlat darajasida ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, hech kim e’tibordan chetda emasligini anglatishdan iborat. Shu ma’noda yigit-qizlarga avvaldan tayyorlangan ajoyib sovg‘alar topshirildi.

- Ikki nabiram – Marjona va Dilyorbek ota-onasidan erta yetim qolishgandi, ayni paytda ular mening qaramog‘imda, - deydi Qarshi shahridagi Arabxona mahallasida yashovchi Mahbuba Ochilova. – Ular hali yosh bo‘lsalar-da, bu holatdan ko‘ngillarida biroz kemtik bor edi. Sayohatga chiqishini eshitib rosa xursand bo‘lishdi. Tashkilotchilar nabiralarimga yangi maktab formalari, sport kiyimlari hamda badiiy kitoblar to‘plami berishdi. Ana endi ularning quvonchdan ko‘zlari porlayapti. Bunday xayrli ishlarni qilayotganlarga minnatdorlik bildiraman.

Shundan so‘ng bolalar chiqqan poyezd Shahrisabz tomon yo‘l oldi. Ularga viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev, shuningdek, viloyat prokurori va ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, jamoat tashkilotlari vakillari ham hamrohlik qildi. Bolalar bilan suhbatlashish chog‘ida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ularning har biri alohida-alohida olam, ko‘plab qiziqishlarga ega. Vatanimizga, jamiyatga foydasi tegadigan inson bo‘lib yetishishni niyat qilishgan.

Kitob temir yo‘l vokzalida yosh mehmonlarni tantanali kutib olishdi.

Bolalar sayohatni Amir Temur bobomiz qurdirgan hashamatli tarixiy obida - Oqsaroy bilan tanishishdan boshladi. Bu borada ularga gidlar yaqindan yordam berishdi. Yoshlar buyuk Sohibqironning muazzam haykali poyida ham bo‘lishdi. Shuningdek, Cho‘bin madrasasi, uning ichida joylashgan muzey, Ko‘kgumbaz masjidi kabi diqqatga sazovor joylar keyingi manzilga aylandi.

- Shahrisabzga birinchi marta kelishim, - deydi sayohat ishtirokchisi, 12 yoshli Orzigul Otabekova. – Haqiqatan ham juda go‘zal va fusunkor shahar ekan. Qadimiy Kesh haqida, Amir Temur bobomiz to‘g‘risida kitoblarda o‘qiganman. Haybatli yodgorliklarni, qadimiy osori atiqalarni yaqindan ko‘rganimdan baxtiyorman. Ajdodlarimiz bizga bebaho meros qoldirganiga guvoh bo‘ldim, dilim yayradi. Istagim – ularga munosib bo‘lish.

Safardan olam-olam taassurotlar olgan bolalar Shahrisabz shahridagi Yoshlar saroyiga taklif qilindi. Bu yerda ular uchun dasturxon yozilib, konsert  dasturi tashkil qilindi. Shu kuni muhtasham va fayzli koshonani bolalarning shodon o‘yin-kulgisi egalladi.

Ushbu sayohat bergan xush kayfiyat bolalarni ancha vaqtgacha tark etmasligi aniq.

Batafsil

Xizmat avtomobillari topshirildi

    Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli 7 ta harbiy qism komandirlariga “Neksiya” rusumli xizmat avtomobillari topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishdan tortib, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xizmat vazifasini munosib bajarishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish, qurol-yarog‘ va harbiy texnika ta’minotini yaxshilash masalalarida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.

Harbiy qism komandirlariga xizmat avtomobillarining topshirilishi ham ularning ish jarayonida qo‘shimcha qulayliklar berishi, ish samaradorligini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatga molik.

- Biz harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan qulay sharoit va to‘laqonli  imkoniyatlar zimmamizdagi mas’uliyatning zalvorini yanada oshiradi, - deydi harbiy qism komandiri, podpolkovnik Murod Teshaboyev. – Bugun yangi xizmat avtomashinasiga ega bo‘ldim. Bu o‘zim rahbarlik qilayotgan harbiy qismning jangovar tayyorgarligini yanada yuksaltirish, rahbariyat tomonidan berilgan topshiriq va vazifalarning ijrosini tezkor ta’minlash imkonini oshiradi. Albatta, hukumatimiz, xalqimiz bizga shu darajada ishonch bildirib, barcha shart-sharoitlarni yaratib berayapti ekan, shunga munosib bo‘lishga harakat qilamiz, Vatanimiz sarhadlarini ko‘z qorachig‘idek asraymiz.

Marosimda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.

Batafsil

Yangilanish, mehr-oqibat va farovonlik ayyomi

Mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z sayillari bo‘lib o‘tmoqda


Yurtimizga bahor keldi. Ona zamin uzra ko‘klam nasimi esa boshladi. Qahraton sovuqda mudroq yotgan dov-daraxt uyg‘onib, bugun kurtak yozdi. Quyoshning qaynoq taftini sog‘ingan maysalar ko‘zni quvnatib, ko‘kka bo‘y cho‘zdi. Nozik novdalarga gul bitdi, qiyg‘os gullagan bog‘lar kapalak va bolarilarga oshyon bo‘ldi. Butun borliqda uyg‘onish, yangilanish, yasharish manzaralari... 

Yurtimiz bu gal ham tinch va osoyishta, xalqimiz sihat-salomat va bardam, salmoqli yutuqlari, mo‘l-ko‘l orzulari, ezgu tilaklari bilan Navro‘z shodiyonalariga qadam qo‘ymoqda. Osmonimiz musaffo. Bir dunyo orzular bilan ertani kutib, kelajakka ishonch bilan to‘yu-tomoshalar qilish, yangi uy-joylar solish, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish niyatida yashayotgan xalqimiz “Xush kelibsan o‘lkamizga, Navro‘zi olam, qadaming qutlug‘ bo‘lsin! Yurtimizdagi tinchlik-omonlikka ko‘z tegmasin!” deb qutlug‘ ayyomga peshvoz chiqmoqda. 

4.JPG

 
Xalqimiz azaldan to‘y va shodiyonalarni alohida taraddud bilan qarshi oladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23-fevralda “2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan kundan boshlab mahallalarda, shahar va qishloqlarda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tashkil etildi. 

Navro‘zning ruhi va falsafasida o‘z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari o‘tkazildi. 

6.JPG
 
...21-mart erta tongdan karnay-surnay va nog‘oralar sadosi taralib, yurtimizda Navro‘z sayli boshlanganidan darak berdi. 

Navro‘z bayrami hamma joyda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida o‘tkazilmoqda. 

Toshkent shahridagi asosiy bayram tadbirlari “O‘zekspomarkaz” majmuida bo‘lib o‘tdi. Karnay-surnay sadolari xalqni sayilga chorladi. 

9.JPG
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bayram sayliga chiqdi. 

...Turfa rang bayroqchalar hilpiraydi, rango-rang sharlar mayin epkinlarda tebranadi. Navro‘z tantanalari o‘tadigan asosiy sahna bayramona bezatilgan. Bu yerga hukumat a’zolari, deputatlar va senatorlar, fan, madaniyat, san’at, sport namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, tabarruk otaxonu onaxonlar, turli sohalarda barakali mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari tashrif buyurgan. 

Prezidentimiz dastlab bayram saylida ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillari, faxriy mehmonlar bilan ko‘rishib, ularni muborakbod etdi. 

...Asrlar davomida Navro‘z kunlari xalqimiz yoppasiga qir-adirlarga, ko‘cha va xiyobonlarga, guzar va sayilgohlarga sayilga chiqqan. Baxshilar aytishuvi, laparlar, hazil-mutoyiba, qo‘shiqlar, xalq termalari, askiyachilar payrovi yangragan. Uloq-ko‘pkari, poyga, kurash, merganlik kabi milliy o‘yinlar o‘tkazilgan. Dorbozlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar, polvonlarning tomoshalari bo‘lib o‘tgan. 

13.JPG
 
Yurtimizda bu yilgi Navro‘z bayrami o‘zgacha nishonlanmoqda. “O‘zekspomarkaz” majmuida keng sayil sifatida o‘tgan bayram dasturida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan vakillar o‘z hududi tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analarini aks ettirgan chiqishlar, tansiq taomlar va hunarmandlik mahsulotlarini namoyish etdi. Ustayu hunarmandlar, ganchkorlar, kashtado‘zu chevarlarning rangin liboslari, do‘mbira, doira kabi xalq cholg‘u asboblari, milliy buyumlar barchada katta qiziqish uyg‘otdi. 

Rang-barang ashula va raqs, turli badiiy jamoalarning chiqishlari, uyushtirilayotgan xalq o‘yinlari, kuylanayotgan qo‘shiq, lapar va ijro etilayotgan raqslarda qadimiy bayramimizning xilma-xil noyob qirralari o‘z aksini topdi. 

18.JPG
 
Davlatimiz rahbari har bir hudud uchun ajratilgan maydonga borib, ularning konsert dasturlarini tomosha qildi. Hududlardan tashrif buyurgan nuroniy otaxonu onaxonlar bilan suhbatlashib, ularni bayram bilan tabrikladi. Qo‘llar duoga ochildi. 

...Yigitlar chillak, zuvillatar o‘ynaydi, kurash tushib bellashadi. Qoqiguldan boshiga chambaraklar taqib olgan qizlar qoshlariga o‘sma tortishadi. Dorbozga qaragan odamning ko‘zi qamashadi. “Besh tosh”, “Mak-mak” va ”Oq terakmi, ko‘k terak?” o‘yinlari, polvonlik, gimnastika, akrobatika, masxarabozlik, qiziqchilik kabi namoyishlar Navro‘z sayli qatnashchilarini xushnud etadi. Doshqozonlarda qaynagan sumalak ifori olamni tutadi. Sochlariga jamalak taqqan qizlar sho‘x-shodon raqsga tushadi. Onaxonlar tandirdan qaynoq nonlarni uzib, mehmonlarga ulashadi. 

20.JPG
 
Laparlar, qo‘shiqlar, xalq termalari, askiyachilar payrovi qizidi. Folklor jamoalarining kuy-qo‘shiqlari qushlar chug‘uriga, ko‘rkam favvoraning jildirashiga uyg‘unlashib ketdi. 

...Xalqimiz Navro‘zni o‘zgacha bir sog‘inch, intiqlik bilan kutadi. Bu gal ham shunday fusunkor damlarda yeru ko‘k bag‘rida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni qalbidan o‘tkazayotgan hamyurtlarimiz dillarida quvonch, ana shu yorug‘ kunlarga, go‘zal hayotning bebaho ne’matlariga eson-omon yetganimiz, osmonimiz musaffoligi uchun shukronalik tuyg‘ulari tug‘yon urayotir. 

Yurtimiz bo‘ylab olib borilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar ruhi odamlar qalbiga ko‘chib, vatandoshlarimiz bunyodkorlik, obodlik sari intilmoqda. O‘tgan yili 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha darajadagi rahbarlar xalq ichiga kirib, ularning dardu tashvishlari bilan qiziqdi, muammolarga birgalikda yechim topildi. “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan g‘oya hammamiz uchun shiorga aylandi. 

Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida 2017 yilda 20 dan ortiq qonun va 700 dan ziyod qonunosti hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etildi. 

O‘tgan yili yurtimizda yashab kelayotgan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan 1100 dan ortiq shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. 

Shu bilan birga, mamlakatimiz tarixida birinchi marta 2700 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risidagi Prezident Farmoni imzolandi. Bu ham insonparvarlikning yuksak namunasi bo‘ldi. 

Qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat obyekti ishga tushirildi. Toshkent issiqlik elektr stansiyasida bug‘-gaz qurilmasi barpo etildi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi, Qizilqum bag‘ridagi Avminzo-Amantoy oltin konlari negizida gidrometallurgiya zavodi qurish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Qandim gazni qayta ishlash kompleksi ishga tushirilishi hisobidan 2018 yilda qo‘shimcha ravishda 4 milliard 100 million kub metr tabiiy gazni qayta ishlash, 67 ming tonnadan ziyod kondensat, 106 ming tonnadan ortiq oltingugurt ishlab chiqarish imkoni yaratildi. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati “Yoshlik – 1”, “Yoshlik – 2” konlarini o‘zlashtirishga kirishdi. Sardoba, Markaziy Farg‘ona va To‘palang suv omborlarini qurish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Farg‘ona – Marg‘ilon yo‘nalishidagi temir yo‘l tarmog‘i ayni paytda elektrlashtirilayotir. 

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017-yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,5 foizni tashkil etdi, eksport hajmi qariyb 15 foizga ko‘paydi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi 854 million dollarga yetdi. 

Milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklovsiz sotib olish va erkin sotish imkoniga ega bo‘ldi. 

2017-yilda yangi sanoat korxonalarini qurish, xizmat ko‘rsatish obyektlarini ishga tushirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 336 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. 

Shahar va qishloqlarda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Bu 2007-yilga nisbatan 20 barobar, namunaviy uy-joylar qurish dasturi boshlangan 2010-yilga nisbatan 3,5 barobar ko‘p uy-joy qurilganini ko‘rsatadi. 

25 yil davomida birinchi marta aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi boshlandi. 2017-yilning o‘zida 800 ming kvadrat metrdan ziyod ana shunday uy-joylar qurildi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida o‘tgan yili 420 ming kvadrat metr ko‘p qavatli uy-joy fondi foydalanishga topshirildi. 

Ma’naviy hayotimizda ham muhim voqealar sodir bo‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Xalqaro hamkorlik borasida ham mamlakatimiz tarixida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bir yilning o‘zida 21 ta oliy darajadagi tashrif amalga oshirildi, 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSh dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi. 

2018-yilga yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berildi. Bu yil biznes-faoliyatni innovatsion, ya’ni zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Bunda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, nafaqat o‘zini va oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan ishbilarmon insonlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. 

...Navro‘z mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan umumxalq bayramidir. Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil va inoq yashamoqda. Ular umumiy uyimiz – O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida barcha sohalarda fidokorona mehnat qilmoqda. Davlatimiz rahbari tantanaga tashrif buyurgan turli millat va elat vakillari bilan uchrashib, ularni bayram bilan tabrikladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘zi olam – Sharqona yangi yil bilan butun O‘zbekiston xalqini samimiy muborakbod etdi. 

Qutlug‘ kunda barchaga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalarga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tiladi. 

...Maydon uzra yangrayotgan dilbar kuy-qo‘shiqlar mamlakatimizning olis-olis hududlariga taralib, bayram shukuhini yurtimiz bo‘ylab yoydi. 

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tkazilgan Navro‘z shodiyonalarida ham ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbari dastlab shahardagi markaziy istirohat bog‘ida yaqinda o‘rnatilgan Alisher Navoiy va Jomiy haykallari poyiga gul qo‘ydi. Shu yerda samarqandlik ijodkorlar hamda Navro‘z shodiyonalarida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan tojikistonlik shoir va yozuvchilar bilan muloqot chog‘ida o‘zbek va tojik adabiyotining bu ikki buyuk vakili xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. 

Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan bayram tadbirlarida viloyat jamoatchiligi, nuroniylar, ishlab chiqarish faollari, yoshlar bilan suhbatlashib, barchani bayram bilan yana bir bor tabrikladi. Samimiy suhbat chog‘ida mamlakatimizdagi islohotlar, odamlar hayotidagi o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. 
 

 

Abu Bakir O‘rozov, Sarvar O‘rmonov, A’lo Abdullayev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA 
Batafsil

Tashqi savdo aylanmasi yarim milliard dollardan oshdi

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, shu jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlariga har tomonlama qulaylik yaratishga qaratilayotgan e'tibor sohaning izchil rivojlanishiga keng yo'l ochmoqda. Bu raqamlarda ham o'z ifodasini topmoqda.
Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, 2017 yil davomida viloyat tashqi savdo aylanmasi hajmi 604 million 600 ming AQSh dollariga etgan. Uning tarkibida import tovarlar qiymati 374 million AQSh dollarini, eksportga chiqarilgan mahsulotlar ulushi esa 230 million  600 ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Chet davlatlardan import asosida olib kelingan tovarlarning asosiy qismini xomashyo, texnologik asbob-uskunalar hamda maxsus avtotransport vositalari tashkil etgan bo'lsa, chet davlatlarga asosan polietilen granulasi, mineral o'g'itlar, suyultirilgan gaz hamda qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksport qilingan. Eksport-import operasiyalarini amalga oshirishda “Muborak gazni qayta ishlash zavodi”, “Shurtanneftgaz”, Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi mas'uliyati cheklangan jamiyatlari hamda “Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi” unitar korxonasi faol ishtirok etdi.
Ma'lumki, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat qo'llab-quvvatlanayapti. Faoliyat qatnashchilariga bir qator imtiyoz va engilliklar berilmoqda. Misol uchun, o'tgan yilning 9 oyida import mahsulotlarga hisoblangan 965 milliard 690 million so'mlik bojxona to'lovlaridan 900  milliard 400 million so'miga yoki 93,24 foiziga bojxona to'lovlaridan imtiyozlar qo'llanildi. Imtiyozlar asosan investision loyihalar, mahalliylashtirish dasturi, ishlab chiqarishni modernizasiyalash, qayta ta'mirlash, texnik va texnologik jihatdan yangilashga qaratilgan dasturlar doirasida, respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xomashyolar va materiallar importi bo'yicha qo'llanilmoqda.
Qayd etish joiz, mahsulotlarni eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirishda amaldagi qonunchilikka ko'ra tadbirkorlar bojxona to'lovlarini to'lashdan ozod etilgan (bojxona yig'imlari bundan mustasno). Hozirgi vaqtda bojxona to'lovlaridan imtiyozlar berish nazarda tutilgan, tashqi iqtisodiy faoliyatning barcha sub'ektlariga taalluqli bo'lgan umumiy tusdagi 23 ga yaqin va faqat ayrim korxona va tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladigan individual tusdagi 300 dan ortiq me'yoriy-huquqiy hujjatlar amalda.

Batafsil

Namunali tayanch punkti aniqlandi

Shavkat MIRZIYOYEV:

 

Profilaktika inspektorlari bundan buyon ichki ishlar organlarining mahalladagi vakili emas, balki mahallaning ichki ishlar organlaridagi vakili sifatida o‘z ishini tashkil etishi kerak.

 

 

 

Ko‘rik-tanlov

 

NAMUNALI TAYANCH PUNKTI ANIQLANDI

 

Qarshi shahrida "Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punkti" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Batafsil

Xotin-qizlar manfaatlari doimiy e’tiborda

Mamlakatimiz kimyo sanoatining yirik quvvatlaridan biri - “Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi” unitar korxonasida mehnat qilayotgan ishchilarning 191 nafari xotin-qizlarni tashkil etadi. Korxonada xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash, ularga mos mehnat sharoitini yaratish doimiy e’tiborda.

–Yaqinda zavod hududidan maxsus bino ajratilib, tikuvchilik sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, - deydi korxonaning xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zebo Salimova. – Sakkiz nafar xotin-qizga chevarlik sirlari o‘rgatilib, ularga ishchi-xizmatchilar uchun maxsus ish kiyimlari tikish vazifasi yuklatildi. Ish bilan ta’minlangan ayollar mo‘may daromad topish bilan birga, korxona ehtiyoji uchun zarur tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Batafsil

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida “O'zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida festival bo'lib o'tdi.

Mirishkor tumanidagi 35 qishloq va mahalla fuqarolar yig'inida 112 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. O'zbek, turkman, tojik, arab, qozoq, qirg'iz, rus, koreys va boshqa millatlarga mansub yurtdoshlarimiz ahil-inoq, tinch va farovon yashab kelmoqda.

Qo'sha-qo'sha dosh¬qozonlarda sumalak, osh, yorma kabi o'zbek milliy taomlari tayyorlanib, festivalga tashrif buyurgan mehmonlar uchun tuzatilgan dasturxonlarga tortildi. Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz to'kin dasturxon atrofida dildan suhbat qurdi.

Batafsil

Prezident sovg‘asi – xizmat avtomobillari topshirildi

    Qarshi shahrida Davlat xizmatlari markazlari va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar)lar kengashlariga  Prezident sovg‘asi – “Damas” va “Matiz” rusumli xizmat avtomashinalarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya hayotda o‘z ifodasini topayotgani xalq manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qilmoqda. Ana shu maqsad yo‘lida jamiyatning barcha sohalari chuqur isloh qilinayotir.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi hamda uning joylardagi hududiy boshqarma va markazlari tashkil etildi.

Batafsil

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 545 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

A- A A+

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family