wrapper

Maxsus imkoniyatlar

Iqtisodiyot

Asosida agrofirma xorijga achchiq qalampir, pomidor, bodring, karam, sabzi kabi mahsulotlarni eksport qilmoqchi

    Bugungi kunda yurtimiz dehqonlari jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ular ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, intensiv usullarni keng qo‘llash evaziga sifatli va mo‘l hosil olishga erishmoqda. Binobarin bizda shunday sharoit borki, aholi ehtiyojidan ortgan, sara noz-ne’matlarni yil davomida xorij mamlakatlariga uzluksiz yo‘llash mumkin. Bu borada viloyatimizning imkoniyatlari ham yuksak baholanadi.

Eksportbop mahsulot yetishtirishni tashkil etishda Nishon tumanida ham salmoqli ishlarga qo‘l urilmoqda. Hudud sohibkorlari yerdan unumli foydalanish, odatdagidan ertachi hosil olish, xullas, ko‘ringan kichik bir imkoniyatdan ham sezilarli natija chiqarishni maqsad qilgan. Tumandagi “Ismoil eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham bunga misol bo‘ladi. Ushbu agrofirma faoliyati o‘tgan yili yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tadbirkorlik subyektiga Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi yaqinidan ajratib berilgan 4 gektar yer maydonida qisqa vaqt ichida katta hajmdagi ishlar bajarildi. 2,5 gektar joyda zamonaviy issiqxona inshootlari barpo etildi. Yirik majmuada nihollarni o‘stirishda tejamkor texnologiyalardan foydalanilmoqda. Jumladan, o‘simliklarni suvlash uchun tomchilatib sug‘orish tizimi, issiqxona ichini shamollatish uchun ventilyatsiya jihozlari o‘rnatilgan.

- Dehqonchilik ishlarini asosan kuz-qish mavsumida bajaramiz, issiqxonada kerakli haroratni ushlab turish uchun esa  doimiy issiqlik talab etiladi, - deydi agrofirma direktori Kamoliddin Sodiqov. – Biz bunga ham innovatsion yondashdik. Yonimizdagi korxona mavjud quvvatlarni yurgizib turish uchun issiq suv ishlatadi. O‘z vazifasini o‘tagan va ilib qolgan suv qayta isitishga yuboriladi. Ushbu manba issiqxonamizni ham isitishga asqatadi. Bu borada zavod bilan kelishuvga erishib, ikkilamchi suvdan maqsadli foydalanayapmiz.

Albatta, ishlab chiqarish imkoniyati keng bo‘lsa, mahsuldorlik yuqori bo‘lishiga erishiladi. Buni mazkur tadbirkorlik subyektiga tegishli issiqxona misolida ham ko‘rish mumkin. 1 gektar maydonda bodring va pomidorning hosildorligi yuqori navlari parvarish qilinmoqda. Bir muddat avval pishib yetilgan mahsulotlarni terib olishga ham kirishilgan. Shuningdek, 1,5 gektar hudud achchiq qalampir o‘stirishga ajratilgan. Uni issiqxona sharoitida parvarishlash qiyin bo‘lsa-da, dehqonlar ilm asosida ko‘chatlarning to‘liq baravj rivojlanishiga sharoit hozirlagan.

- Achchiq qalampir yer tanlaydi, ekin maydoni unumdor bo‘lishi kerak, - deydi korxona agronomi Jamoliddin Sodiqov. – Bu joy ayni biz kutgandek chiqdi. O‘tgan yili noyabr oyida nihollarni ekib chiqqandik. Ko‘chatlarni o‘zimiz urug‘idan tayyorladik. Hozir achchiq qalampirning ikki xil navini yetishtirayapmiz. Biri mahalliy, boshqasi xorijniki. Ma’lumki, bu mahsulotning sifati uning achchiqlik darajasi bilan belgilanadi. Bizning mahsulot ham ushbu talablarga to‘la javob beradi. Shu bois terib olinadigan hosilning asosiy qismini eksportga yo‘naltiramiz.

Mutaxassislar fikricha, achchiq qalampir yetishtirish serdaromad ish hisoblanadi. Dunyoda uning xaridori ko‘p. Shu sabab so‘nggi vaqtda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida mazkur yangi yo‘nalish tez ommalashmoqda. G‘o‘za parvarishlash uchun hosildorligi past maydonlarda ushbu ekinni ekishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bir gektar joyga achchiq qalampir ekib, o‘rtacha 15-20 tonnagacha xosil olish mumkin. Bunda qayta ishlangan hajm 3-4 tonnani tashkil etadi.

Agrofirma rahbarining aytishicha, ochiq joyda xaridorgir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan. Joriy yilda shu maqsadda tadbirkorga tuman hududidan 7 gektar yer ajratildi. Uning teng yarmida qovun, qolganida achchiq qalampir parvarishlanmoqda. Bu mahsulotlar ham eksportga mo‘ljallangan.

- Yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga keng imkoniyat va imtiyozlar berilgan, bu esa bizni mazkur yo‘nalishda faol ish olib borishga rag‘batlantirdi, - deydi ishbilarmon. – Tashqi bozor talabini o‘rganib, chet ellik hamkorlar bilan aloqa o‘rnatdik. Xususan, rossiyalik hamkorlarimiz bilan manfaatli shartnoma tuzdik. Uning umumiy qiymati 150 ming AQSH dollariga yetadi. Kelishuv doirasida xorijliklarga achchiq qalampir, pomidor, bodring, karam va sabzi kabi sabzavotlarni yetkazib beramiz. Bundan tashqari, yana bir eksportbop dorivor o‘simlik – rozmarin yetishtirishni boshlayapmiz. Shu maqsadda 50 sotix yerni tayyorladik. Yaqin orada ko‘chatlarni o‘tqazamiz.

O‘z o‘rnida ushbu yirik majmuaning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun katta ishchi kuchi ham kerak.  Hozirgi kunda dehqonchilik yumushi, parvarish, yig‘ib-terish, ko‘chat o‘stirish bilan 35 nafar kishi shug‘ullanayotgani fikrimizning isbotidir. Ular bugun agrofirmada ishlab, doimiy daromad topish imkoniga ega. Kelgusida mavjud ish o‘rinlari soni yanada ortishi ehtimoli katta. Chunki tadbirkor yana 1 gektar maydonda mahobatli issiqxona qurishni rejalashtirgan. Faoliyatdan kelayotgan daromad va tijorat banki taqdim etadigan kredit ushbu tashabbus tez fursatda amalga oshishiga sharoit yaratadi. Yangi inshootda ham xorijda talabgir mahsulotlar yetishtirishga asosiy urg‘u beriladi.

Mirzohid JO‘RAYEV

Batafsil

Oilaviy korxonada hammaning o‘z vazifasi bor

Bunga sabab bo‘lgan bir qator omillar bor. Birinchidan, korxona a’zolari oilaviy tadbirkor degan nomga har tomonlama munosib. Chunki bu yerda oilaning har bir vakiliga alohida vazifa yuklatilgan.

Misol uchun, xonadon sohibasi Malohat Aminova ham tashkiliy, ham hisob-kitob ishlari bilan shug‘ullanadi. Qizi Madina Jo‘rayeva esa tikuvchilik sexini yuritadi hamda bichuv ishiga mas’ul. O‘g‘li, ayni vaqtda oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan Azamat Jo‘rayevga ham yumush tekkan. Grafika, ya’ni kiyimlarga turli yozuv, rasm va logotip bosishni faqat u bajaradi. Muayyan vazifalarga ixtisoslashuvning mavjudligi korxona yutuqlarini oshirib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning  xaridorgir bo‘lishiga xizmat qilayapti.

- Faoliyatimizni tashkil etishda o‘z mablag‘imiz va tijorat banki kreditidan foydalanganmiz, - deydi yosh ishbilarmon Madina Jo‘rayeva. – Asosiysi, sarmoyani to‘g‘ri yo‘naltira oldik. 30 donaga yaqin tikuv mashinasi sotib olganmiz. Mavjud binoni tikuvchilik sexiga moslashtirdik va zarur tartibda jihozladik. Hozirgi kunda 5 nafar tikuvchi xotin-qiz bilan ish olib borayapmiz. Asosan buyurtma asosida ishlaymiz. Maxsus kiyimlar, maktab o‘quvchilari formalari, erkaklar va ayollar liboslari ishlab chiqarmoqdamiz. Shuningdek, bolalar kiyim-kechaklarini tikishni ham o‘zlashtirdik. Ustoz-shogird an’anasi asosida esa mahallamiz yoshlariga chevarlik sirlarini o‘rgatayapmiz. Kelgusida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish niyatidamiz.

Oilaviy korxona sohiblarining ta’kidlashicha, hozirda yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, yaqin istiqbolda keng miqyosda jinsi shimlar ishlab chiqarishni tashkil etish mo‘ljallangan. Yana bir yangi mahsulot – maxsus cho‘milish kiyimlari tikishni o‘zlashtirish maqsad qilingan. Allaqachon mahsulotlar namunalarini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, xaridorlarga qulay bo‘lishi uchun savdo do‘koni barpo etish ham rejada yo‘q emas.

M.SHUHRATOV

Manba: Qashqadaryogz.uz

Batafsil

4 davlat mulki ob'yekti invyestorlarga byerildi

Ma'lumki, mamlakatimizda joylardagi bo'sh turgan davlat mulki ob'ektlaridan maqsadli foydalanish, ularni muayyan majburiyatlar asosida “nol” xarid qiymatida tashabbuskor tadbirkorlarga berish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ahamiyatlisi, bu amaliyot o'zining yuqori samaralarini bermoqda, foydalanilmay kelinayotgan bino va inshootlar negizida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, xizmat ko'rsatish shoxobchalari faoliyati yo'lga qo'yilishiga sharoit hozirlanayapti.

Batafsil

Quvvat oshsa, eksport salohiyati ham ortadi

    Viloyatimizning Kitob tumani bog‘dorchilik va uzumchilik tarmoqlarida yuqori salohiyatga ega. Hududning qulay iqlim-sharoiti pishiqchilik mavsumida ko‘p miqdorda sarxil, ekologik toza, totli meva-sabzavot, uzum yetishtirish imkonini beradi. Albatta, bu shart-sharoit tajribali bog‘bonu dehqonlar e’tiboridan chetda emas. Tuman mirishkorlari ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlab qolmay, iste’moldan ortgan sara qishloq xo‘jaligi noz-ne’matlarini xorijga ham eksport qilishmoqda. Mahsulotning bir qismi esa qayta ishlashga yo‘naltirilayapti.

Ahamiyatlisi, bugungi kunda ayni yo‘nalishda hududning o‘zida bir qancha korxona faoliyat yuritmoqda. Ularda tayyorlangan mahsulotlar chet elda ham o‘z xaridorini topayotgani bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirishni, yangi quvvatlarni ishga tushirishni, mavjudlarini texnologik yangilashni taqozo etadi.

Ushbu tumandagi “Agromir Kitob” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Aniqroq aytganda, bu yerda uzumning sanoatbop navlariga ishlov berilib, bir kunda o‘rtacha 30-40 tonnagacha vino materiali tayyorlanadi. U shampan ichimligining asosiy xomashyosidir. Bunda sara va yuqori sifatli uzumdan foydalaniladi. Shu jihat korxona taklif etayotgan mahsulotning xorijda xaridorgir bo‘lishini ta’minlayapti. O‘tgan yil hisobidan birgina Rossiya mamlakatiga qiymati 300 ming AQSH dollaridan ortiq hajmdagi vino materiali  eksportga yo‘llangani fikrimizning isbotidir. 2018-yilning yanvar oyi yakunida esa qariyb 350 ming AQSH dollarilik mahsulot tashqi bozorga chiqarildi. Natijada tumanning eksport ko‘rsatkichlari yaxshilandi.

Asosiysi, ushbu turdagi mahsulot eksportini ko‘paytirish borasida korxona katta imkoniyatga ega. Faqat shu kungacha foydalanishda bo‘lgan ishlab chiqarish uskunalari eskirgani bunga imkon bermayotgandi.

- Ishlab chiqarish mahsuldorligini oshirsak, ko‘proq mahsulotni eksport qila olamiz, - deydi korxona hisobchisi Hasan Xolbekov. – Shuni hisobga olib, istiqbolli  loyihani ro‘yobga chiqarish tashabbusi bilan chiqdik. Uning umumiy qiymati qariyb 3 milliard so‘mni tashkil etadi. Tijorat banki 2 milliard 400 million so‘m miqdorida kredit taqdim etadigan bo‘ldi. Qolganiga o‘z mablag‘imizni sarf etamiz. Uzumni qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi uskunalarni olib kelishni mo‘ljal qilganmiz. 300 ming AQSH dollariga baholangan zamonaviy texnologiyalar Italiyadan keltiriladi. Xorijiy hamkorlar bilan kelishuvga erishganmiz, boshlang‘ich mablag‘ o‘tkazib berildi. Ushbu yirik quvvat joriy yilning ikkinchi choragida ishga tushiriladi.

Korxona vakilining bildirishicha, ishlab chiqarish jarayoni to‘la modernizatsiya qilinganidan so‘ng mahsulot tayyorlash hajmi avvalgiga qaraganda 3 barobar oshadi. Shu barobarida mazkur tadbirkorlik subyektining eksport imkoniyatlari ham ortadi. Muhimi, bu yirik loyihaning hayotga tatbiq etilishi natijasida 25 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Mirzohid JO‘RAYEV

Batafsil

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 549 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

A- A A+

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family